Afsonaviy oʻzbek bokschisi Rufat Risqiyev 71 yoshga toʻldi

Bugun oʻzbek boksining tirik afsonasi, oʻzbekistonlik birinchi jahon chempioni, 1976-yilgi Monreal yozgi Olimpiya oʻyinlarining kumush medali sohibi Rufat Risqiyev 71 yoshga toʻldi.

Rufat Asadovich Risqiyev 1949-yilning 2-oktyabr sanasida Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon shahrida tugʻilgan. Yoshligidan boks bilan jiddiy shugʻullanib, avvaliga sobiq Ittifoq chempionatida gʻoliblikni qoʻlga kiritadi. Monreal olimpiadasida Risqiyev finalga qadar boʻlgan yoʻlni gʻolibona bosib oʻtdi. Biroq, hal qiluvchi bahsda amerikalik Maykl Spinksga imkoniyatni boy berdi va kumush medalga sazovor boʻldi. Aynan Monreal olimpiadasi Rufat Risqiyev uchun professional sportdagi soʻnggi musobaqa boʻlib qoldi.

1997-yilda u WBA hakamlari safiga qabul qilindi va nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyo davlatlari orasida professional boksning xalqaro hakamligiga erishgan birinchi insonga aylandi.

Rufat Risqiyev oʻzbek boks maktabi rivojiga munosib hissa qoʻshgan insonlardan. Uning buyuk xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib eʼtirof etilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi arafasida Prezidentimiz tomonidan “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi.

2019-yildan boshlab boks boʻyicha kattalar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionatining eng yaxshi ishtirokchisiga Rufat Risqiyev sovrini topshirilib kelinadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jamoasi Rufat Asadovich Risqiyevni bugungi tavallud ayyomi bilan samimiy muborakbod etadi hamda ularga uzoq umr, sihat-salomatlik yor boʻlishini tilaydi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *