Andijonda ham “Futbolimiz kelajagi” va “Mahallada futbol” musobaqalarining viloyat bosqichi yakunlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonda futbolni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 4-dekabrdagi PF–5887-son, “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yana-da takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2020-yil 24-yanvardagi PF–5924-sonli Farmonlari ijrosini taʼminlash maqsadida barcha hududlarda 9-12 yoshli bolalar oʻrtasida “Futbolimiz kelajagi”, 13-14 yoshli bolalar oʻrtasida “Mahallada futbol”, 15-16 yoshlilar oʻrtasida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinadigan “Charm toʻp” musobaqasi va umumtaʼlim maktab oʻquvchilari oʻrtasida “Maktablar ligasi” hamda tuman (shahar) bolalar-oʻsmirlar sport maktablari futbol boʻlinmalari va xususiy futbol maktablari oʻrtasida “Sport maktablari futbol ligasi” turniri shuningdek, futbol mahorati maktablari, xususiy professional futbol maktablari va professional futbol klublari huzuridagi futbol akademiyalari oʻrtasida yosh toifasidan kelib chiqib “Professional futbol maktablar ligasi” musobaqalari oʻtkazilmoqda.

Ushbu musobaqalarni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad ommaviy futbolni yana-da rivojlantirish, mahalla yoshlarida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, ularni boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish va salomatligini mustahkamlash qolaversa, oʻquvchi yoshlarni zararli odatlardan asrash, huquqbuzarlik va salbiy illatlarga qarshi kurashish ruhiyatida tarbiyalash va oʻquvchi yoshlar oʻrtasida doʻstona aloqalarni oʻrnatishdan iborat.

Kuni kecha Andijon viloyatida oʻz hududlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan shahar va tumanlarning 9-12 yoshli mahalla jamoalari oʻrtasida “Futbolimiz kelajagi”, 13-14 yoshlilar oʻrtasida esa “Mahallada futbol” musobaqalarining viloyat bosqichlari oʻtkazildi.

Qizgʻin va murosasiz oʻtgan uchrashuvlar yakunlariga koʻra “Futbolimiz kelajagi” futbol musobaqasida 3-oʻrinni Baliqchi tumanining “Istiqlol” MFY jamoasi, 2-oʻrinni Andijon shahrining “Istiqlol” MFY jamoasi, faxrli 1-oʻrinni esa Andijon tumanining “Doʻstlik” MFY jamoasi yoshlari qoʻlga kiritdi.

13-14 yoshli bolalar oʻrtasida oʻtkazilgan “Mahallada futbol” musobaqasida esa 3-oʻrinni Andijon tumanining “Doʻstlik” MFY jamoasi, 2-oʻrinni Shahrixon tumanining “Mullaboy” MFY jamoasi, hamda faxrli 1-oʻrinni Buloqboshi tumanining “Soxibkor” MFY jamoasi qoʻlga kiritdi.

Musobaqa yakunlariga koʻra gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *