Andijonda xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy “Universal” sport majmuasi barpo etilmoqda

Andijon shahrida 2017-2022-yillarda Respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan “Universal” sport majmuasi qurib, foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-maydagi “Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasining 2017-yilgi byudjetini va bolalar sporti obyektlari, suzish havzalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash manzilli dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi PQ–2961-sonli qaroriga asosan viloyatda Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2017-yilda Andijon shahridagi “Universal” sport majmuasining qurilishi boshlangan boʻlib, 2017-yilda ushbu obyektdagi qurilish-montaj ishlari uchun manzilli dasturga 15 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Obyektga “Xon” MCHJ korxonasi bosh pudratchi tashkilot etib belgilangan.

Oʻtgan 2017-2020-yillar mobaynida Andijon shahridagi “Universal” sport majmuasida jami 66,4 mlrd soʻmlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-yanvardagi PQ–4565-sonli qaroriga asosan tasdiqlangan investitsiya dasturida “Universal” sport majmuasi qurilishi uchun 30 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan. Hozirda obyektda qurilish-montaj ishlari davom etmoqda. Ushbu qaror ilovasiga asosan “Universal” sport majmuasi qurilishi 2017-2022-yillarda olib borilishi koʻzda tutilgan.

Hozirda obyektning barcha etajlarida beton-monolit quyish ishlari oxiriga yetkazilib, obyektning tom qismini yopish uchun tayyor holga keltirilgan.

Sport majmuasi 6.3 gektar maydonni oʻz ichiga oladi. Qolaversa, loyihaga asosan majmua jami 4000 tomoshabinga moʻljallangan boʻlib, u sportning yakka kurash, badiiy gimnastika, boks, voleybol, gandbol, taekvondo hamda basketbol turlariga ixtisoslashgan. Loyiha doirasida 11x25m. oʻlchamdagi suzish havzasi, tennis korti va 100 oʻrinli oshxona qurilmoqda.

Ushbu sport majmuasi seysmik jihatdan 9 ballga javob beradi.

Hududda 200 avtomobilga moʻljallangan avtoturargoh ham barpo etiladi.

Obyektning tom qismini yigʻma metall konstruksiya bilan yopish boʻyicha barcha hisob-kitob ishlari amalga oshirilib, metall konstruksiya ishlab chiqaruvchi tashkilotga buyurtma berilgan. Mazkur obyektni 2022-yil yakuniga qadar foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *