Avaz Karimov: “Sogʻlom yashash sharaf”

Bugungi kunda butun dunyoda global muammoga aylangan hamda juda koʻp insonlarni oramizdan olib ketgan COVID-19 koronavirus pandemiyasining yuzaga kelishi aksariyat mamlakatlar singari Oʻzbekistonda ham aholining jismoniy sogʻlomlik darajasi qoniqarli emasligini koʻrsatib berdi.

Bundan toʻgʻri xulosa chiqarilgan holda hukumatimiz tomonidan zudlik bilan aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan ushbu farmonning imzolanishi yurtdoshlarimiz orasida sogʻlom turmush tarzini yana-da keng tatbiq etish va ommaviy sportni rivojlantirishda muhim dasturulamal boʻlib xizmat qiladi.

Sir emaski, bugun koʻplab yurtdoshlarimiz turli orttirilgan va yuqumli kasalliklardan aziyat chekishmoqda. Ularning kelib chiqishida esa aholining jismoniy tarbiya va sogʻlom turmush tarziga befarq qarayotganligi eng asosiy omillardan biridir. Qolaversa, toʻgʻri ovqatlanish tamoyillariga rioya qilmaslik ham yurtdoshlarimiz orasida koʻplab kasalliklar kelib chiqishida oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda.

Davlatimiz rahbarining “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni esa Oʻzbekiston fuqarolarining salomatliklarini mustahkamlash, insonlarda jismoniy madaniyat tushunchasining shakllanishiga xizmat qiladi.

Har bir inson avvalo sogʻlom boʻlishi uchun turli zararli odatlardan voz kechib, ommaviy sport bilan doimiy shugʻullanishi, toʻgʻri ovqatlanishi, xususan, tarkibida tuz, qand va yogʻ miqdori koʻp boʻlgan hamda xamirli taom va shirinliklar, non mahsulotlarini meʼyoridan ortiq isteʼmol qilmasligi zarur. Prezident farmonida ana shu jihatlar ham eʼtibordan chetda qolmagan.

Jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanish orqali har bir insonda kasallikka qarshi kuchli immunitet shakllanadi. Shu sababli bugun mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish hamda ommaviy sportni yana-da rivojlantirishga har qachongidan jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Kezi kelganda taʼkidlash joiz, yurtimizda bungacha ham aholi orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etishga qaratilgan koʻplab farmon va qarorlar imzolangan, chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Biroq, ularning koʻpi qogʻozlarda qolib ketdi yoki ommalashmadi. Sababi, oʻsha hujjatlarda hukumat farmon va qarorlarida belgilab berilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish mexanizmining moliyaviy manbasi koʻrsatilmagan. Endi oʻzingiz oʻylang, biz aholini sogʻlom boʻlishingiz uchun ertalab turib, piyoda yuring, yuguring, sport bilan shugʻullaning, deb daʼvat qilayapmizu, ular yugurishi yoki yurishi, sogʻlom turmush tarziga oshno tutinishi uchun sharoitlarni yaratib bermayapmiz. Xoʻsh, bu vaziyatda aholi nima qilsin? Qayerda yugursin yoki sport bilan shugʻullansin?! Koʻp qavatli uyda buni amalga oshirishning imkoni yoʻq, shovqin koʻtarib, qoʻshnilarni bezovta qilasiz, mahallalarda esa boʻsh joy topish qiyin.

Mazkur farmonda mana shu jihatlar ham koʻzda tutilgan, yaʼni endilikda har bir mahalla, koʻp qavatli uylar oldida albatta piyoda yurish va yugurish, shuningdek veloyoʻlakchalar barpo etiladi. Ushbu maqsadlarni amalga oshirish, jumladan yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol va “Workout” (koʻcha fitnesi) sport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish uchun Davlat byudjetidan 2021-yildan boshlab dasturlar toʻliq bajarilgunga qadar har yili 104 milliard soʻmdan mablagʻ ajratilishi belgilab qoʻyilgan.

Bundan tashqari, Farmon bilan sogʻlom turmush tarzini xayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida har bir oila, mahalla, tuman (shahar), maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim muassasalari xamda boshqa tashkilotlarda jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shugʻullanishga shart-sharoitlar yaratish boʻyicha ham aniq vazifalar belgilab berildi.

Farmon bilan 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab umumtaʼlim maktablarida jismoniy tarbiya fani haftasiga ikki martadan oʻtkazilishi belgilab qoʻyildi. Shuni taʼkidlash kerak, bu xalqimizning koʻnglidagi, dilidagi istak edi. Buni shundan ham bilish mumkin, Farmon loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgach, juda koʻp insonlar, jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari, hatto ota-onalar bizga oʻz minnatdorliklarini bildirishdi.

Farmondagi yana bir muhim jihat, shu kunga qadar idora va tashkilotlar tomonidan xodimlar oʻrtasida ommaviy sport tadbirlarini tashkil etish uchun byudjetdan tashqari mablagʻlar ajratilgan boʻlsa, endilikda ushbu yoʻnalishdagi ishlarni amalga oshirish uchun davlat byudjetidan subsidiyalar ajratiladi. Albatta, bu kabi islohotlar ham mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzining yana-da keng targʻib etilishiga xizmat qiladi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *