Aziz Abduhakimov: “Aholining ommaviy sport turlari bilan shugʻullanishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishimiz kerak”.

Shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Aziz Abduhakimov Toshkent shahridagi veloyoʻlakchalar hamda aholining ommaviy sport turlari bilan shugʻullanishi yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishmoqda.

Oʻzbekiston fuqarolarining salomatligini mustahkamlash yoʻlida qilinayotgan ezgu ishlardan biri – shahar koʻchalarida piyoda yurish hamda velosipedda harakatlanish uchun maxsus yoʻlakchalarning yaratilayotganligidir. Bu jihatga ayni paytda keng jamoatchilik tomonidan qizgʻin muhokama qilinayotgan Prezident qarori loyihasida ham alohida toʻxtalib oʻtilgan.

Bosh vazirning oʻrinbosari A.Abduhakimov boshchiligidagi ishchi guruh tarkibidan Jismoniy tarbiya va sport vaziri oʻrinbosari Avazjon Karimov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi Oybek Kasimov hamda boshqa mutasaddilar oʻrin olgan.

22-oktyabr kuni poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek hamda Sergeli tumanlarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish maqsadida mutasaddilar velosipedda Mirzo Ulugʻbek tumanida amalga oshirilayotgan ishlarni koʻzdan kechirishgan edi.

Kecha ham ushbu oʻrganishning mantiqiy davomi sifatida ishchi guruh aʼzolari Toshkent shahrining Yunusobod tumaniga tashrif buyurib, velosipedda tumanda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Ishchi guruh vakillari Yunusobod tumanidagi mahalliy aholi hamda sayyohlarning veloyoʻlakchalardan foydalanishi va xavfsiz harakatlanishi uchun yaratilayotgan sharoitlarni koʻzdan kechirishdi. Tumanda ushbu yoʻnalishda mavjud kamchiliklarni oʻrganib, ularni tezkor bartaraf etishga oid chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Bosh vazirning oʻrinbosari A.Abduhakimovning taʼkidlashicha, bu kabi oʻrganishlar butun shahar boʻylab davom ettiriladi. Maqsad aniq, aholining ommaviy sport bilan shugʻullanishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishdan iborat.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *