Aziz Mixliyev: Maqsadimiz Oʻzbekiston kriket jamoasini Osiyo oʻyinlarida munosib ishtirokini taʼminlash

Oʻzbekiston kriket federatsiyasi tashkil etilgani endigina bir yil boʻldi.

Oʻtgan vaqt mobaynida federatsiya davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Moddiy texnik bazasi shakllantirildi.

Joriy yilning fevral mart oylarida federatsiyaning 2 nafar murabbiylari Hindiston kriket akademiyasida tahsil olib kelishdi.

Toshkent shahri va viloyatlarda kriket sporti keng targʻib qilindi. Qiziquvchi yoshlardan jamoalar tuzilib, mazkur sport sir-asrorlari oʻrgatildi.

Bugun poytaxtimizdagi “Yoshlik” sport majmuasi oʻyingohida kriket boʻyicha ilk nufuzli uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oʻzbekiston milliy Olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston kriket federatsiyasi rahbariyati, yurtimizdagi xorijiy diplomatik korpus vakillari va sport jamoatchiligi ishtirok etdi.

Barlos va Afrosiyob jamoalari oʻrtasida boʻlib oʻtgan kriket bahslarida jami 20 ta over 120-marta toʻp uzatish amalga oshirildi.

Kriket qoidalariga asosan jamoalar yana 2-marta uchrashishadi va umumiy natija asosida gʻolib aniqlanadi.

Bugungi bahslar Barlos jamoasi foydasiga hal boʻldi.

Aziz Mixliyev Oʻzbekiston kriket federatsiyasi Raisi: Kriket sporti jamoaviy kontaktsiz sport turi hisoblanadi. XVI-asrda Angliyada paydo boʻlgan va bugungi kunda dunyoda keng ommalashgan sport turlaridan biridir.

Bugungi kunda oldimizga qoʻygan eng katta rejalarimizdan biri yurtimizda kriket musobaqalarini va mashgʻulotlarini oʻtkazish maxsus maydon qurish. Sababi, kriket bahslari futbol stadionlaridan deyarli bir yarim barobar katta maydonlarda oʻtkaziladi.

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitalarini qoʻllab-quvvatloviga muhtojmiz.

Federatsiya tashkil etilganiga hali koʻp boʻlmagan boʻlsada koʻplab iqtidorli sportchilarni kashf qilayapmiz. Maqsadimiz Oʻzbekiston milliy kriket jamoasini Osiyo oʻyinlari va boshqa yirik turnirlarda munosib ishtirokini taʼminlash.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *