Bahodir Maxsitov Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi etib saylandi

Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligida Oʻzbekiston sport faxriylari kengashining navbatdan tashqari konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Unda tashkiliy masala, yaʼni Oʻzbekiston sport faxriylari kengashining sobiq raisi Komiljon Xudoyberganovning vafoti munosabati bilan Kengashga yangi rais saylash masalasi koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston sport faxriylari kengashining navbatdan tashqari konferensiyasida Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov, Milliy olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, oʻzbek sporti dovrugʻini dunyoga yoyishga oʻzlarining munosib hissasini qoʻshgan sport faxriylari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Yigʻilish avvalida Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari R.Ermatov soʻzga chiqib, bugun mamlakatimiz sportchilarining xalqaro maydonlarda qoʻlga kiritayotgan muvaffaqiyatlari zamirida boy hayotiy tajribaga ustozlarning oʻrni beqiyos ekanligini, qolaversa xalqimizda ustozlar va faxriylarga hamisha hurmat koʻrsatilishini mamnuniyat bilan taʼkidladi.

Konferensiyaga raislik qilgan MOQ Bosh kotibi O.Kasimov Oʻzbekiston sport faxriylari kengashining sobiq raisi, marhum Komiljon Xudoyberganov haqida iliq fikrlar bildirdi. Shu yerda Komiljon Xudoyberganovning umr yoʻli aks etgan videolavha namoyish etildi.

Shundan soʻng kun tartibidagi asosiy masala – Oʻzbekiston sport faxriylari kengashiga yangi rais saylash borasida sport sohasida ulkan tajribaga ega mutaxassis, uzoq yillar Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasini boshqargan Bahodir Maxsitovich Maxsitov nomzodini ilgari surdi.

Konferensiya ishtirokchilari, jumladan sport faxriylari Igor Baraban, Erkin Karimov, Bahodir Tojiyev, Shavkat Toʻlaganov va boshqalar Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi Komiljon Xudoyberganov rahbarlik qilgan yillarda oʻz mavqeini yuksaltirgani, faxriylar eʼzoz topib, qadrlanganligini alohida eʼtirof etish barobarida boʻshab qolgan lavozimga Bahodir Maxsitov eng maʼqul nomzod ekanligini taʼkidlashdi va bir ovozdan maʼqullashdi.

Ushbu fursatdan foydalanib, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi nomidan Bahodir Maxsitovichni sharafli, shu bilan birga masʼuliyatli lavozimga saylangani bilan samimiy muborakbod etamiz hamda faoliyatida omad yor boʻlishini tilaymiz!

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *