Basketbol: bosh sovrin mezbonlarda qoldi

Shu yil 24-29-noyabr kunlari Jizzax viloyatida basketbol boʻyicha 2006-2007-yillarda tugʻilgan qizlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati boʻlib oʻtdi.

Jizzax politexnika instituti sport zalida boʻlib oʻtgan bahslarda 10ta jamoa uch guruhga boʻlingan holda bahs olib bordi. Anchayin murosasizlik kasb etgan chempionatning soʻnggi kuni jizzaxlik muxlislarning koʻnglini togʻdek koʻtardi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Sababi, bellashuvlarni boshidan oxirigacha birorta magʻlubiyatsiz oʻtkazgan mezbonlar oxir oqibat bosh sovrin egasiga aylandi. Keyingi oʻrinlarni Fargʻona viloyati hamda qoraqalpogʻistonlik yoshlar egallashdi.

Taʼkidlash joiz, ushbu gʻalabada Jizzax viloyati sport oʻyinlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabi hamda Jizzax olimpiya zaxiralari kolleji trenerlari Munojat Toʻrayeva, Mazluma Ropiyeva hamda Jaloliddin Muxtorovlarning xizmati katta boʻldi.

Shuningdek, bir paytning oʻzida Jizzax shahrida basketbol boʻyicha ayollar oʻrtasida Oliy va 1-liga jamoalarining 2-tur bahslari ham boʻlib oʻtdi.

Oliy liga jamoalari oʻrtasida 2-turdan soʻng OTMK basketbolchilari turnir jadvalida karvonboshilik qilayotgan boʻlsa, 1-liga jamoalari oʻrtasida jizzaxlik sportchi qizlar 14 ochko bilan peshqadam boʻlib turishibdi.

Oliy va 1-liga jamoalarining 3-tur uchrashuvlarini kelgusi yil bahor faslida oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *