Bektemirda “Sog‘lom hayot uchun 5 ming qadam” shiori ostida ommaviy yurish hamda ertalabki badantarbiya mashqlari tashkil etildi

Aholining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va salomatligini mustahkamlashda sport mashg‘ulotlari, xususan harakatli mashqlarning o‘rni beqiyos. Shu sababli karantin talablari yumshatilishi bilan jismoniy tarbiya va sportni keng targ‘ib etishga qaratilgan tadbirlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bugun Toshkent shahar Bektemir tumanida ham “Sog‘lom hayot uchun 5 ming qadam” shiori ostida ommaviy yurish marafoni hamda ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari tashkil etildi. Unda tumanda istiqomat qiluvchi qariyb 500 nafar aholi ishtirok etdi. Tadbirda Bektemir tumani hokimi Jahongir Ibrohimov ham qatnashib, tuman aholisini sog‘lom turmush tarziga jalb etishga o‘z hissalarini qo‘shdi.

Ishtirokchilar Bektemir tuman elektr tarmoqlari korxonasi oldidan startga chiqib bolalar-o‘smirlar sport maktabi stadionigacha bo‘lgan masofani piyoda bosib o‘tishdi. Barcha ishtirokchilar karantin qoidalariga to‘liq rioya qilgan holda harakatlandi.

Ommaviy yurish marafoni yakunida barcha ishtirokchilar tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabidagi futbol maydonida ertalabki badantarbiya mashqlarini bajarishdi.

Taʼkidlash joiz, piyoda yurish va harakatlanish salomatlik uchun nihoyatda foydali bo‘lib, bu kabi tadbirlar aholi orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *