Bel olish va uchkurash: Termizda Oʻzbekiston chempionati va kubogi bellashuvlari boshlandi

Bugun Termiz tumanidagi bolalar-oʻsmirlar sport maktabida bel olish va uch kurash boʻyicha 2003-2004-yillarda tugʻilgan oʻsmirlar va qizlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati hamda kattalar oʻrtasida mamlakat kubogi musobaqasi boshlandi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston bel olish va uch kurash assotsiatsiyasining yillik taqvim rejasidagi mazkur bellashuvlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 500 nafardan ortiq polvonlar gʻoliblik uchun kurash tushishmoqda.

Bayramona bezatilgan sport zalda dastlab, musobaqaning ochilish marosimi tashkil etildi. Unda soʻz olgan Termiz tuman hokimi Shuhrat Oʻrinov, Oʻzbekiston bel olish va uch kurash assotsiatsiyasi bosh kotibi Nosir Azizov sportchilarni qutlar ekan, bugun mamlakatimizda sportga, xususan milliy sport turlariga qaratilayotgan eʼtibor haqida taʼkidlab, ishtirokchilarga musobaqalarda muvaffaqiyat tilashdi. Shundan soʻng bellashuvlarga start berildi.

Musobaqa reglamentiga muvofiq, bugun 2003-2004-yillarda tugʻilgan oʻsmirlar bel olish kurash turi boʻyicha bel olish, bel olishning halqa – chalish, bel olishning halqa – chalishsiz yoʻnalishlarida 10ta vazn toifasida, kattalar oʻrtasidagi kubok bellashuvlarida ham xuddi shu yoʻnalishlarda 10ta vazn toifasida bellashishadi. Musobaqalar 13-dekabrga qadar davom etadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *