“Bosh vazir kubogi-2020” futbol musobaqasining tashkiliy qo‘mitasi yig‘ilishi o‘tkazildi

2019 yil 4 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari hamda hududlardagi yirik korxona va tashkilotlarning markaziy apparati xodimlari o‘rtasida turli ommaviy madaniy va sport tadbirlari, jumladan “Bosh vazir kubogi” musobaqalarini o‘tkazish vazifasi yuklatilgan edi.

Ushbu topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan joriy yil 4-12 oktyabr kunlari vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxona va tashkilotlarning markaziy apparati xodimlari o‘rtasida futbol musobaqalari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Shu maqsadda bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligida “Bosh vazir kubogi-2020” futbol musobaqasining tashkiliy qo‘mitasi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda tashkilotchilar bilan bir qatorda hamkor tashkilotlar, jumladan, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, qator vazirlik va idoralardan vakillar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Yig‘ilishda bu yilgi musobaqalarni o‘tkazish tartibi, hal qilinishi lozim bo‘lgan ko‘plab masalalar muhokama qilindi.

Joriy yilgi musobaqalar pandemiya sharoitida, karantin qoidalariga qatʼiy amal qilingan holda o‘tkaziladi. Yaʼni, o‘yinlarni tomosha qilish uchun muxlislar kiritilmaydi, agarki u maydonda kuch sinashayotgan tashkilot xodimi bo‘lsa-da.

Futbol musobaqalari bo‘ladigan maydonlarga har bir tashkilotdan faqat ro‘yxatdan o‘tgan 15 nafar o‘yinchi, trener hamda jamoa rahbari, yaʼni 17 kishi kiritiladi. Musobaqa ishtirokchilarning har biriga maxsus ruxsatnoma, yaʼni beyjiklar tarqatiladi va beyjigi yo‘q har qanday xodimga o‘yin bo‘ladigan maydonlarga kirishga ruxsat berilmaydi.

Shuningdek, tashkiliy qo‘mita tomonidan ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash, o‘yinlar bo‘ladigan maydonlarni dizenfiksiya qilish, musobaqa o‘tkaziladigan maydonlarga kiraverishni antitseptik vositalar bilan taʼminlash va boshqa masalalar ham eʼtibordan chetda qolmaydi.

–  “Bosh vazir kubogi-2020” musobaqasini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, avvalo rahbar xodimlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishdan iborat. Agar rahbar sportga qiziqsa, bilingki o‘sha korxona va tashkilotda sog‘lom turmush tarziga eʼtibor yuqori bo‘ladi. Xodim sog‘lom bo‘lsa, ish unumi yuqori bo‘ladi va buning natijasida samaradorlik o‘z-o‘zidan ortadi. Ko‘ryapsizmi, rahbar xodimning sportga qiziqishi jamiyat uchun qay darajada foyda keltiradi, – deb taʼkidladi yig‘ilishda so‘zga chiqqan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi boshqarma boshlig‘i Umed Radjabov.

Xulosa qilib aytganda, tashkilotchilar tomonidan joriy yilgi musobaqalarni har jihatdan adolatli va shaffof o‘tishini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Biz esa barcha jamoalarga bo‘lajak musobaqalarda omad tilab qolamiz.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *