“Bosh vazir kubogi” – sogʻlom turmush tarzini targʻib qilmoqda

Joriy yilning 4-12-oktyabr kunlari Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, yirik korxona va tashkilotlar xodimlari oʻrtasida futbol turniri tashkil etiladi.

OʻzA muxbiri “Bosh vazir kubogi” musobaqasini oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad, pandemiya davrida ishtirokchilarning salomatliklarini asrash borasida qanday ishlar amalga oshirilishi va musobaqa qay tartibda oʻtishi haqida Jismoniy tarbiya va sport vazirligining jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Umid RAJABOV bilan suhbatlashdi.

– Mazkur musobaqani oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad nima?

– Maʼlumki, 2019-yil 4-sentyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalari hamda hududlardagi yirik korxona va tashkilotlarning markaziy apparati xodimlari oʻrtasida turli ommaviy-madaniy va sport tadbirlari, shu jumladan, “Bosh vazir kubogi” musobaqasini oʻtkazish vazifasi belgilangan edi.

Ushbu musobaqalarni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad, avvalo, davlat idoralari, korxona va tashkilotlarning markaziy apparati xodimlari, qaysiki, koʻp vaqti oʻz xonasida oʻtadigan, asosan aqliy mehnat bilan mashgʻul boʻladigan insonlarni sogʻlom turmush tarziga oshno etishdan iborat. Shuni taʼkidlash kerak, rahbar xodim sportga qiziqsa, sogʻlom turmush tarziga oshno boʻlsa, bilingki, bu inson xodimlarini ham sport bilan shugʻullanishga daʼvat qiladi, ish joyida bunga shart-sharoit yaratib beradi.

Qolaversa, aqliy mehnat bilan mashgʻul inson sport, deylik badantarbiyaga oshno boʻlsa, sogʻligʻi mustahkamlanadi, ish unumdorligi ortadi. Bundan esa jamiyat manfaat topadi. Koʻryapsizmi, sportning kundalik hayotimizda tutgan oʻrni qanchalik muhim?!

Agar yodingizda boʻlsa, oʻtgan yili 18-27-oktyabr kunlari ilk marotaba korxona-tashkilotlarning markaziy apparati xodimlari oʻrtasida “Bosh vazir kubogi” musobaqalari tashkil etilgandi. Oʻshanda erkaklar futbol, xotin-qizlar esa voleybol boʻyicha oʻzaro musobaqalashgan edi. Ilk bor tashkil etilgan futbol musobaqalarida koʻplab jamoalar ishtirok etishi mumkin edi. Biroq musobaqa Olimpiya tizimida oʻtkazilgani sababli birinchi boʻlib buyurtma bergan 64 ta jamoa bilan cheklanishga qaror qildik.

Chunki yana jamoalar qoʻshiladigan boʻlsa, musobaqani oʻtkazishimizda muammolar tugʻilishi, turnir choʻzilib ketishi hamda bu ishtirokchi jamoalar uchun noqulaylik tugʻdirishi mumkin edi. Shularni inobatga olib, 64 ta jamoada toʻxtaldik. Aytish kerak, musobaqa kutganimizdan ortiq ijobiy samara berdi. 10 kunlik musobaqa oʻtib boʻlganidan keyin ham koʻplab ishtirokchi jamoalar tomonidan qish mavsumida ham, deylik futzal musobaqalarini oʻtkazish, “Bosh vazir kubogi” musobaqasini liga shaklida tashkil etish boʻyicha takliflar tushib turdi. Shundan bilish mumkinki, musobaqa vazirlik, idora, korxona va tashkilotlarning markaziy boshqaruv apparati xodimlari orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etishda muhim vositaga aylandi.

– Turnir pandemiya sharoitida qanday tartib-qoidalar asosida oʻtkaziladi?

– Toʻgʻri, pandemiya sharoiti – hali koronavirus bilan bogʻliq muammolar toʻliq bartaraf etilmagan bir vaziyatda bu kabi sport tadbirlari oʻtkazilishi odamni biroz xavotirga solishi tabiiy hol. Ammo Respublika maxsus komissiyasining karantin qoidalarini yumshatish borasidagi qarorida sport mashgʻulotlariga ruxsat berilgani – pandemiya sharoitida insonlar salomatligini mustahkamlashda sportning oʻrni nechogʻlik muhimligini koʻrsatib berdi. Shuni inobatga olsak, futbol musobaqalari oʻtkazilishi foydadan xoli boʻlmaydi. Albatta, “Bosh vazir kubogi” musobaqalari sanitariya-epidemiologiya talablari asosida oʻtkaziladi.

Avvalo, har bir jamoa tomonidan musobaqada ishtirok etish uchun taqdim etgan buyurtmaga kiritilgan har bir xodim, yaʼni futbolchining salomatligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma taqdim etilishi kerak. Shunday maʼlumotnoma taqdim etilmagan taqdirda, oʻsha ishtirokchi tabiiyki, musobaqalarga qoʻyilmaydi. Qolaversa, oʻyinlar boʻladigan maydonlarga kiraverishdan oldin har bir ishtirokchi va jamoa aʼzosi dezinfeksion yoʻlakchadan oʻtadi, shu yerda shifokor-hamshiralar tomonidan ularning tana harorati tekshiriladi, harorati 37 daraja va undan yuqori boʻlgan ishtirokchilar oʻyinlarga qoʻyilmaydi.

Aksincha, harorati yuqori ekanligi aniqlangan har qanday ishtirokchi darhol tez tibbiy yordam mashinalarida tibbiyot muassasalariga joʻnatiladi. Yana bir gap, bu yilgi musobaqada har bir ishtirokchi uchun maxsus ruxsatnoma, yaʼni beyjiklar tayyorlanmoqda. Bunday beyjigi yoʻq xodim, agarki u tashkilotining boshqarma yoki boʻlim rahbari, kasaba uyushmasi raisi boʻlsa ham musobaqalar oʻtadigan maydonga kiritilmaydi. Shu maʼnoda, ishtirokchi jamoalarga maslahat va tavsiyam, jamoaga bevosita daxldor xodimlarni roʻyxatga kiritsin.

– Musobaqada gʻoliblar qanday mezonlar asosida aniqlanadi?

– Musobaqa katta ehtimol bilan Olimpiya tizimida oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda. Yuqorida aytib oʻtganimdek, oʻtgan yilgi musobaqada 64 ta jamoa qatnashgan boʻlsa, bu safar ishtirokchi jamoalar soni yana-da ortishi kutilmoqda. Chunki ayni paytda bizga hududlarda joylashgan yirik korxona va tashkilotlar, aniq misollar keltiradigan boʻlsam, masalan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga oʻxshash mamlakat iqtisodiyotida muhim oʻrin tutadigan korxona-tashkilotlardan ham talabnomalar kelib tushmoqda.

Hatto Buxoro, Fargʻona viloyatlaridan “Bosh vazir kubogi”da qatnashish istagini bildirgan tashkilotlar boʻlmoqda va ular qariyb 10 kunga xodimlarini Toshkentga safarbar etishga tayyorligini bildirgan. Bu tabiiyki, musobaqaga qiziqish tobora ortib borayotganini anglatadi. Endi gʻoliblar masalasiga kelsak, agar musobaqamiz Olimpiya tizimida tashkil etilsa, gʻolib har biri 30 daqiqadan iborat ikki boʻlim davomida aniqlanadi. Agar asosiy vaqtda kuchlar teng kelsa, u holda toʻgʻridan-toʻgʻri penaltilar seriyasiga murojaat qilinadi. Hech qanday qoʻshimcha boʻlim, takroriy oʻyin yoki “oltin gol” qoidalariga amal qilinmaydi. Oʻyinlarni esa Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining tajribali, Superliga va Pro-liga oʻyinlarida faoliyat olib borayotgan hakamlar boshqarib boradi.

– Gʻolib jamoalarga qanday mukofotlar beriladi?

– Shuni taʼkidlab oʻtish lozimki, musobaqa ishtirokchilari oʻtgan yilgi kabi bu yil ham biror-bir sovrin uchun emas, avvalo, oʻz salomatliklarini yana-da yaxshilash va oʻzlari faoliyat yuritayotgan tashkilotlari sharafini munosib himoya qilish uchun maydonda kuch sinashadi.

Albatta, musobaqada gʻolib va magʻlublar boʻlishi aniq. “Bosh vazir kubogi” futbol musobaqsi gʻolib va sovrindorlari Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan diplom, medal, qimmatbaho esdalik sovgʻalari va albatta, koʻchma kubok bilan taqdirlanadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *