Buxoro viloyatida “Sog‘lom hayot uchun 5 ming qadam” shiori ostida ommaviy badantarbiya va yurish marafonlari tashkil etildi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Jahonda COVID-19 koronavirus pandemiyasining yuzaga kelishi dunyo mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham aholining sog‘lig‘i, jismonan salomatligi, sog‘lom hayot kechirish darajasi zaif ekanligini ko‘rsatdi. Barchamiz bundan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda zararli odatlardan voz kechib, ommaviy sport bilan doimiy shug‘ullanish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga rioya qilishimiz zarur.

Shularni inobatga olgan holda bugun Buxoro viloyatining Kogon shahrida “Sog‘lom hayot uchun 5 ming qadam” shiori ostida piyoda yurish tadbiri o‘tkazildi. Shundan so‘ng ishtirokchilar “Temiryo‘lchilar” istirohat bog‘ida ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishdi.

Shuningdek, viloyatning Romitan tumanida ham “Sog‘lom hayot uchun qadam” shiori ostida ommaviy sport tadbirlari tashkil etildi. Tuman markaziy stadionidan boshlangan ommaviy yurish tadbiriga tuman hokimligi mutasaddilari, sektor rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, tibbiyot, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari va yoshlar ishtirok etdi.

Ming nafardan ortiq kishi ishtirok etgan ertalabki nafas olish mashqlari, badantarbiya mashg‘ulotlari ishtirokchilarga yaxshi kayfiyat va tetiklik baxsh etdi.

Haftaning har shanba va yakshanba kunlari o‘tadigan “Sog‘lom hayot uchun qadam” shiori ostidagi ommaviy yurish tadbirlari tumanning barcha mahallalarida ham tashkil etilib, ularda ishtirok etayotgan aholi o‘z sog‘liklari haqida o‘zlari qayg‘urmoqdalar.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *