“Charm toʻp-2020”: koʻchma kubok Andijonga yoʻl oladi

Sir emaski, bugun mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yana-da ommalashtirish, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa yoshlar orasida jismoniy madaniyatni yuksaltirish, shu orqali yurtdoshlarimizning salomatlik darajasini oshirishga jiddiy eʼtibor berilmoqda.

Bu jarayonda mahalla yoshlari oʻrtasida tashkil etilayotgan turli tadbirlar, jumladan “Charm toʻp” futbol musobaqasi muhim oʻrin tutadi. Mazkur musobaqa avvalo yosh avlod qalbida millionlar oʻyini futbolga mehr uygʻotishga, shu bilan birga ushbu sport turini ertamiz egalari orasida yana-da ommalashtirish hamda rivojlantirishga xizmat qiladi.

Keksa avlod vakillari oʻtgan asrning 70-80 yillarida “Charm toʻp” futbol musobaqasi Vladimir Fyodorov, Mixail An, Olim Ashirov, Shuhrat Eshboʻtayev, Sirojiddin Bozorov, Furqat Esonboyev, XII yozgi Osiyo oʻyinlari gʻolibi Ulugʻbek Roʻzimov singari juda koʻplab mohir futbolchilarni kashf etib berganligini yaxshi bilishadi. Sobiq Ittifoq miqyosida esa “Charm toʻp” (Kojanыy myach) musobaqasidan Fyodor Cherenkov, Oleg Bloxin, Xoren Oganesyan, Igor Kolыvanov, Sergey Rodionov, Oleg Romansev, Andrey Shevchenko, Valeriy Karpin singari mashhur futbol yulduzlari yetishib chiqqan. Qisqasi, “Charm toʻp”ni bemalol futbol yulduzlari kashf qilinuvchi fabrikaga qiyoslash mumkin.

Bu yil mahalla yoshlari oʻrtasidagi “Charm toʻp-2020” musobaqasi toʻrt bosqichda, yaʼni mahalla–tuman(shahar)–hudud–Respublika kesimida tashkil etilib, unda 15-16 yoshli oʻsmirlar ishtirok etdi. Musobaqaga yurtimizdagi 5 416ta mahalladan 158 322 nafar yoshlar jalb etildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 14ta jamoa aʼzolari 6-9-noyabr kunlari muhtasham “Bunyodkor” stadioniga qarashli maydonlarda javlon urishdi. Ulardan eng kuchlilari esa har bir futbolchi toʻp tepishni orzu qiladigan “Milliy” stadionda bosh sovrinni qoʻlga kiritish uchun saf tortdi.

Kecha “Charm toʻp-2020” futbol musobaqasida 3-oʻrin uchun oʻyin oʻtkazildi. Unda yarim final omadsizlari – Qashqadaryo viloyatining “Afgʻonbogʻ” hamda Fargʻona viloyatining “Yozyovon” jamoalari oʻzaro kuch sinashdi. Oʻyinning asosiy vaqtida kuchlar teng keldi – 1:1. Penaltilar seriyasida esa 5:4 hisobida Fargʻona viloyati yoshlari gʻolib chiqishdi.

Bugun “Milliy” stadionda joriy yilgi musobaqaning final uchrashuvi oʻtkazildi. Unda Andijon viloyatining “Hamzaobod” hamda Jizzax viloyatining “Olimlar” mahallasi yoshlari toʻqnash kelishdi.

Uchrashuvning birinchi boʻlimida hisob ochilmadi. Tanaffusdan keyin andijonlik yoshlar hujumkorlikni oshirishdi va yakunda 2:0 hisobida gʻalabaga erishdi va bosh sovrin, koʻchma kubokni qoʻlga kiritishdi.

Musobaqa yakunida gʻolib va sovrindorlar, shuningdek turli nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar hamda barcha ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan mukofotlandi. Taqdirlash marosimida Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov ham ishtirok etdi.

Tadbirga sanʼatkorlarning chiqishlari fayz bagʻishladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *