“Charm toʻp-2020” musobaqasining Toshkent shahar gʻolib jamoasi maʼlum boʻldi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi “Oʻzbekistonda futbolni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlarlari toʻgʻrisida”gi PF–5887-sonli Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oʻzbekiston Futbol assotsiatsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining qoʻshma qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent shahar Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan mahalla yoshlari oʻrtasida “Charm toʻp” futbol musobaqasining Toshkent shahar final bosqichi oʻtkazildi.

Mazkur musobaqaning final uchrashuvi Mirobod tumanida joylashgan Sport oʻyinlari va yengil atletika boʻyicha ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabi maydonida boʻlib oʻtdi.

Anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Charm toʻp” futbol musobaqasining Toshkent shahar gʻolib jamoasi ham aniqlandi.

Final uchrashuvida poytaxtning Mirobod tumani yoshlari Yunusobod tumanining yosh mahalla futbolchilariga qarshi oʻzaro maydonda toʻp surdilar.

Asosiy vaqt mobaynida har ikkala jamoaning darvozalari ishgʻol etilmagach, gʻolibni aniqlash futbol lotereyasi yaʼni penaltilar seriyasiga qoldi. Penaltilar natijasiga koʻra Mirobod tumani yoshlari yunusobodlik yoshlar ustidan 5:4 hisobida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Shu tariqa Mirobod tumanining mahalla yoshlari joriy yilning noyabr oyida oʻtkaziladigan “Charm toʻp” futbol musobaqasining Respublika bosqichida poytaxt sharafini himoya qilish imkoniyatini qoʻlga kiritdi.

Musobaqa soʻngida gʻolib va sovrindor boʻlgan jamoalar Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan diplom, medal hamda kubok bilan taqdirlandi.

OʻzMU talabasi
Achildiyeva Umida tayyorladi

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *