“Charm to‘p” musobaqasining respublika bosqichida ishtirok etadigan Sirdaryo viloyati jamoasi nomi aniq bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlarlari to‘g‘risida”gi PF-5887-sonli Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining qo‘shma qarorini ijrosini taʼminlash maqsadida Sirdaryo viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan mahalla yoshlar o‘rtasida (15-16 yosh) “Charm to‘p” futbol musobaqasining viloyat guruh  bosqichiga 2020 yil 16 sentyabr kuni start berilgan edi.

Viloyatning 11 ta tuman va shaharlaridan musobaqaning quyi bosqichlaridan saralanib kelgan jamoalar hududlarga bo‘lingan holda saralash bahslarida ishtirok etishdi.   Guruhlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 4 ta jamoalari joriy yilning 19 sentyabr kuni noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan respublika final bosqichi uchun bellashdi.

Dastavval, yarim finalning 1-juftligi Guliston shahrining “Bo‘ston” va Xovos tumaning “Yettiguzar” jamoalari yashil maydonda uchrashishdi. Murosasiz kechgan o‘yinda Gulistonliklar 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Musobaqaning 2-yarim finalida Boyovut tumaning “Boboyurt” va Sirdaryo tumaning “Oq yo‘l” jamoalari yashil maydonda kuch sinashib, yakunda 1:2 hisobida “Oq yo‘l” jamoasi g‘olib chiqdi. 3-o‘rin  Boyovut tumaning “Boboyurt” jamoasiga nasib etdi ular 3-o‘rin uchun baxsda Hovos tumaning “Yettiguzar” jamoasi ustidan 1:0 hisobida ustun kelishdi.

“Charm to‘p” viloyat bosqichining final o‘yinida Sirdaryo tumaning “Oq yo‘l” va Guliston shahrining “Bo‘ston” jamoalari bellashdi. Final o‘yini yakuniga ko‘ra o‘z raqibidan har tomonlama ustunlik qilgan  “Oq yo‘l” jamoasi 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, “Charm to‘p-2020” musobaqasining Sirdaryo viloyati bosqichi g‘olibiga aylandi.

Musobaqalar yakunida g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalar jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda viloyat futbol assotsiatsiyasi tomonidan kubok, medal, diplom, va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Charm to‘p” musobaqasining respublika final bosqichida Sirdaryo viloyati sharafini Sirdaryo tumaning “Oq yo‘l” jamoasi himoya qiladigan bo‘lishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *