Chirchiq shahar bolalar-oʻsmirlar sport maktabida yuz bergan holat yuzasidan rasmiy bayonot

Joriy yilning 5-sentyabr kuni Chirchiq shahrida joylashgan Bolalar-oʻsmirlar sport maktabida qorovul va yana bir shaxsning giyohvand moddasini tayyorlayotganida Chirchiq shahar IIBBning tezkor guruhi tomonidan qoʻlga olingan.

Ushbu holat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi topshirigʻiga asosan Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi rahbari boshchiligidagi masʼul xodimlar mazkur holatni Chirchiq shahar bolalar-oʻsmirlar sport maktabiga borib oʻrganishdi.

Hozirgi kunda bolalar-oʻsmirlar sport maktabi qorovuli Bazarbayev Timur Turgʻunovichga nisbatan Chirchiq shahar Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, ayblanuvchi ehtiyot chora sifatida hibsga olingan.

Timur Bazarbayev 1982-yil 21-iyul kuni Chirchiq shahrida tugʻilgan boʻlib, 2018-yilning 21-iyunidan buyon Chirchiq shahar bolalar va oʻsmirlar sport maktabida qorovul vazifasida ishlab kelgan va shu paytga qadar ish faoliyati davomida unga nisbatan mehnat qonunchiligiga asosan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilmagan.

Sodir boʻlgan holat yuzasidan Chirchiq shahar bolalar-oʻsmirlar sport maktabida Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi rahbari boshchiligidagi masʼul xodimlar taʼlim muassasasi direktori Akmal Urmanov va maktabning barcha xodimlari bilan suhbat oʻtkazildi.

Masʼullar tomonidan holat oʻrganilgach, oʻz faoliyatiga nisbatan sovuqqon munosabatda boʻlib, masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻyganligi uchun Chirchiq shahar bolalar-oʻsmirlar sport maktabi direktori, sport maktabining oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari hamda xoʻjalik ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosariga intizomiy jazo choralari qoʻllanildi.

Shuningdek, Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻiga bu kabi holatlar boshqa takrorlanmasligi yuzasidan qattiq ogohlantirish berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi sport taʼlim muassasalari hududida bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida tizimdagi barcha tashkilot va muassasalarda tushuntirish ishlarini kuchaytiradi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *