«Chorbogʻtoʻrongʻi» mahallasi yoshlari “DXX kubogi”ni qoʻlga kiritdi

Xabar berganimizdek, Fargʻona viloyatining Beshariq tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida mini-futbol boʻyicha Davlat xavfsizlik xizmatining Beshariq tuman boʻlimi kubogi uchun musobaqalar boshlab yuborilgan edi. Kuni kecha bahslar oʻ yakuniga yetib, gʻoliblar aniqlandi.

Musobaqada tumandagi mavjud 62ta mahalla fuqarolar yigʻinlaridan jamoalar gʻoliblik uchun bahs olib borishdi. “DXX kubogi” musobaqasining saralash bosqichlari MFYlari hududidagi sunʼiy qoplamali maydonlarda oʻtkazilgan boʻlsa, hal qiluvchi final bosqichi tuman markazida tashkil etildi.

Finalda “Toshariq” hamda «Chorbogʻtoʻrongi» mahalla fuqarolar yigʻinlari yoshlari roʻbaroʻ kelishdi. Uchrashuvning asosiy va qoʻshimcha vaqtlarida kuchlar teng keldi. Natijada gʻolibni aniqlash uchun penaltilar seriyasiga murojaat qilindi. Unda omad «Chorbogʻtoʻrongʻi» MFY jamoasiga kulib boqdi. 3-oʻrin uchun kechgan bahsda “Nabi” mahallasi yoshlari “Dala Hamid Olimjon” MFY jamoasi ustidan gʻalaba qozondi.

Gʻolib va sovrindor jamoalarni taqdirlash marosimida Fargʻona viloyati Beshariq tumani hokimi R.Joʻrayev, DXX tuman boʻlimi boshligʻi M.Allaberganov hamda sektor rahbarlari ishtirok etishdi. Tadbir soʻngida tuman miqyosida mana shunday ommaviy sport tadbirlarini oʻtkazish estafetasini Beshariq tumani Ichki ishlar boʻlimi qabul qilib oldi. Demak, tez orada beshariqliklar “IIB kubogi” uchun bahslarga kirishadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *