Dilmurod NABIYEV: “Oʻsmirlar yozgi Osiyo oʻyinlariga oʻrtacha 15 mingga yaqin mehmon keladi”

Xalqaro press-klubning bugungi sessiyasida ishtirok etgan Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev 2025-yili Toshkent shahri mezbonlik qiladigan IV oʻsmirlar yozgi Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik ishlarining borishi masalasiga ham toʻxtalib oʻtdilar.

– Murojaatnomada Prezidentimiz Toshkent shahri 2025-yilgi IV oʻsmirlar yozgi Osiyo oʻyinlariga mezbonlik qilish huquqini qoʻlga kiritganligini faxr bilan taʼkidlab oʻtdilar. Bu masalani yurtboshimiz 2019-yildayoq oldimizga vazifa sifatida belgilab bergandi va 2020-yilga kelib maqsadimizga erishdik. Shuni alohida taʼkidlashni istardim, musobaqa mezbonligi uchun Toshkentdan tashqari qitʼamizning yana toʻrtta yirik shaharlari kurash olib borishdi. Osiyo Olimpiya Kengashidan maxsus komissiya kelib Toshkent xalqaro aeroportining oʻtkazuvchanlik qobiliyati, mehmonxonalar, sport inshootlarining joylashuvi, musobaqalarning teletranslyatsiya masalalari kabi barcha jihatlarni oʻrganishdi va yakunda bizning foydamizga qaror qabul qildi. Bu albatta ulkan sharaf, shu bilan birga zimmamizga juda katta masʼuliyat yuklaydi. Chunki shu paytga qadar oʻtkazilgan oʻsmirlar yozgi Osiyo oʻyinlarida oʻrtacha 5 ming nafarga yaqin sportchi ishtirok etgan. Ularning yoniga trener, shifokor, rasmiy delegatsiya vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlarini qoʻshib hisoblasak Toshkentga oʻrtacha 15 mingga yaqin mehmonlar kelishi kutilmoqda.

Albatta, buning uchun yetarlicha sharoit yaratilishi lozim. Shu maqsadda Prezidentimizning topshiriqlariga asosan Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida barcha sharoitlarga ega, xalqaro talablarga javob beradigan Olimpiya shaharchasi barpo etiladi. Bu borada Qurilish vazirligi bilan amaliy ishlar boshlab yuborilgan va bu yerda barcha infratuzilma muhayyo qilinib, Olimpiya shaharchasi 2025-yilgacha foydalanishga topshirilishi kerak.

Bu musobaqani oʻtkazish uchun OOK(Osiyo Olimpiya kengashi)ning oʻziga yarasha talablari ham bor. Jumladan, keyingi yildan musobaqaning targʻibot ishlarini boshlash, uning emblemasi va ramzini yaratish kabi vazifalar bor. Oʻz navbatida OOKning maxsus ishchi guruhi kelib tayyorgarlik ishlarining qanday borayotganligini oʻrganadi. Har yili Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Milliy Olimpiya qoʻmitasi hamda Toshkent shahar hokimligi bilan bir yilda qilingan ishlar, kelgusi yilgi rejalar boʻyicha taqdimotlar qilib boradi.

Oʻsmirlar yozgi Osiyo oʻyinlariga mezbonlik qiladigan davlatning yutugʻi – ular musobaqa dasturiga kiritiladigan sport turlarini belgilab berishadi. Ammo, musobaqa dasturidan Olimpiya oʻyinlariga kiritilgan kamida 8ta sport turi oʻrin olishi kerak. Biz mezbonlik qilgach, tabiiyki yurtimizda anchagina rivojlangan sport turlari, jumladan erkin va yunon-rum kurashi, boks, dzyudo, jamoaviy oʻyin turlaridan futbol, qolaversa suzish kabi turlar va albatta oʻzimizning milliy sport turlarini kiritishga harakat qilamiz. Oʻz navbatida yoshlarimizni bugundan ushbu musobaqaga puxta tayyorlab borish, buning uchun seleksiya ishlarini kuchaytirish, terma jamoalarga barcha sharoitlarni yaratib berish choralarini koʻramiz.
 Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *