Dzyudo: Budapeshtda “Katta dubulgʻa” turniriga start berildi, hamyurtimiz esa gʻalaba bilan boshladi

Xabar berganimizdek, bugun Vengriya poytaxti Budapesht shahrida dzyudo boʻyicha “Katta dubulgʻa” turkumiga kiruvchi nufuzli musobaqaga start berildi.

Restartdan keyin oʻtkazilayotgan ilk nufuzli xalqaro turnirda Vatanimiz sharafini 10 nafar sportchimiz himoya qilishga bel bogʻlagan.

Laslo Papp nomidagi 12 000 tomoshabinga moʻljallangan koʻp tarmoqli muhtasham sport arenasida boʻlib oʻtayotgan “Katta dubulgʻa” turnirida bugun ayollar -48 kg, -52 kg hamda -57 kg vazn toifalarida tatamiga chiqishsa, erkaklar oʻrtasida -60 kg hamda -67 kg vaznlarda gʻolib va sovrindorlar aniqlanadi.

Bugungi bellashuvlar Toshkent vaqti bilan soat 13:00da boshlandi. Hal qiluvchi final bahslari esa soat 20:00dan boshlanishi belgilangan.

Bugun hamyurtlarimizdan Sharofiddin Lutfullayev, Sardor Nurillayev va Diyora Keldiyorova restartdan keyingi ilk musobaqa medallari hamda Tokio Olimpiadasi yoʻlida qimmatli reyting ochkolari uchun tatamiga chiqishadi.

Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmatining xabar berishicha, hamyurtlarimiz orasida birinchi boʻlib Sardor Nurillayev gilamga tushdi. -66 kg vazn toifasidagi vakilimiz ikkinchi davrada moldovalik Vadim Bunesku bilan bellashdi hamda vazari bahosi evaziga raqibini magʻlubiyatga uchratdi.

Cardorning uchinchi davradagi raqibi esa qirgʻizistonlik Artur Te hamda Ruminiya terma jamoasi aʼzosi Pyotr Jukov oʻrtasidagi bellashuvdan keyin maʼlum boʻladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *