Endi davlat xizmatchilarining jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlari nazorat qilinadi

Bugun poytaxtimizdagi “Milliy” stadion anjumanlar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda mazkur tashkilotlarning masʼul xodimlari, sportchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

2019-yil 3-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi zimmasiga bir qator vazifalar yuklatilgan.

Xususan, davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlari oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish va sogʻligʻini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi oldidagi dolzarb vazifalardan biridir.

Jahonda COVID-19 koronavirus pandemiyasining yuzaga kelishi dunyo mamlakatlari qatori Oʻzbekistonda ham mamlakatimiz aholisining sogʻligʻi, jismoniy salomatligi, sogʻlom hayot kechirish darajasi zaif ekanligini koʻrsatdi. COVID-19 koronavirus infeksiyasi avvalo yurak-qon tomir va nafas olish yoʻllari hamda semizlik (ortiqcha vazn) kasalligiga chalingan fuqarolar sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Natijada, pandemiya koʻplab insonlar, xususan davlat fuqarolik xizmatchilarining bevaqt hayotdan koʻz yumishiga sabab boʻldi.

Shu yil 30-oktyabr kuni Prezidentimiz “Sogʻlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonga imzo chekdi. Unga koʻra, 2021-yildan boshlab davlat organlari rahbarlari va barcha xodimlari ish vaqtidan soʻng haftada kamida bir marta jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishadi. Rahbarlar shaxsiy namunalari orqali semizlik darajasini kamaytirish, vazn koʻrsatkichlarini yaxshilash, salomatlikni mustahkamlash uchun qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Davlat organlari jamoa shartnomalarida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari joriy qilinadi.

Bugun oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash marosimida ana shu jihatlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Otabek Hasanovning taʼkidlashicha, mazkur Memorandum davlat organlari hamda tashkilotlari rahbar va xodimlarini jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, jismoniy faolligini oshirish, ular oʻrtasida turli musobaqalar tashkil etishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishda oʻzaro hamkorlik qilish tartibini belgilab beradi.

Oʻzaro anglashuv memorandumiga koʻra, Agentlik hamda vazirlik davlat organlari xodimlarining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishini tashkil etish hamda sogʻlom turmush tarzini targʻib etishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish, barcha tashkilotlarda mehnat unumdorligini oshirishda sportning muhim ahamiyati, uning jismoniy va maʼnaviy sogʻlomlikning asosi ekanini targʻibot va tashviqot qilishga qaratilgan tadbirlarni oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.

Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev ham soʻz olib, “Sogʻlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni yurtimiz aholisi salomatligini mustahkamlashda muhim dasturulamal boʻlib xizmat qilishini alohida taʼkidladi.

Jumladan, 2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlarida sogʻlom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga “Sport targʻibotchisi” qoʻshimcha vazifasini yuklash va uning ish haqiga 20 foiz miqdorda ustama belgilashning yoʻlga qoʻyilishi ishchi-xodimlar orasida sogʻlom turmush tarzini yana-da ommalashtirishga xizmat qiladi.

Tadbirda Farmonga muvofiq tashkilotlar xodimlarini sportga boʻlgan qiziqishini inobatga olib, turli jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini uyushtirish, faxriy sportchilar bilan uchrashuvlar tashkil etish orqali ularni sportga jalb qilish, ular oʻrtasida turli sport musobaqalarini tashkil etish, gʻoliblarni ragʻbatlantirib borish, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilarining vazn indeksini aniqlash hamda reyting natijalarni eʼlon qilib borish boʻyicha aniq choralar koʻrib borilishi taʼkidlandi.


Shu bilan birga, tashkilotlarda turli jismoniy tarbiya va sport musobaqalari oʻtkazilishi uchun oʻz tasarrufida boʻlgan ochiq sport obyektlaridan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish borasida Memorandumni imzolagan tomonlar tomonidan tegishli choralar koʻrib boriladi.

Oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash marosimida soʻzga chiqqanlar “Sogʻlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmonining ahamiyatiga alohida toʻxtalib, Farmon oʻz vaqtida imzolangani, ayniqsa, pandemiya sharoitida aholi salomatligini mustahkamlash dolzarb ekanligini taʼkidlashdi.

Shuni taʼkidlash kerak, Memorandum bilan hamkorlik tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlandi hamda uning ijrosi yuzasidan monitoring olib borishga kelishildi. Demak, ushbu Memorandum shunchaki qogʻozda qolib ketmaydi, balki u davlat xizmatchilarining salomatligini mustahkamlash va taʼminlash borasida koʻmakchiga aylanadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *