Erkin kurashchilarimiz Tokio Olimpiadasiga qanday tayyorgarlik koʻrmoqda?

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati poytaxtimizdagi “Dinamo” sport majmuasida oʻquv-mashgʻulotlari oʻtkazayotgan erkin kurash boʻyicha terma jamoamiz aʼzolari bilan uchrashdi.

Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Irmatov hamda MOQ raisi Rustam Shoabduraxmonov boshchiligidagi mutasaddilar erkin kurashchilarimizning tayyorgarlik jarayonlarini koʻzdan kechirishdi.

Sir emaski, erkin kurash boʻyicha milliy terma jamoamiz vakillari jahon chempionati va Olimpiya oʻyinlarida oʻzlarining sermahsul va yuqori natijalari bilan ajralib turishgan. Biroq, ushbu yoʻnalishda hozircha Tokio-2020 uchun yoʻllanma qoʻlga kirita olmadik. Oldimizda esa dastlab Osiyo, soʻng jahon miqyosida oʻtadigan litsenzion musobaqa turibdi. Uchrashuv davomida kurashchilarimizni mazkur musobaqalarga puxta tayyorlab, toʻliq tarkibda litsenziyalar olish bilan birga Olimpiadada ham medallarni qoʻlga kiritish kabi masalalar kun tartibining asosiy mavzusi boʻldi.

Mutasaddilar litsenzion musobaqaga tayyorlanayotgan har bir vazn toifasidagi sportchi bilan birma-bir suhbatlashdi, ularning ijtimoiy holatini oʻrgandi. Mehmonlar polvonlarimiz bilan gaplashar ekan, hukumatimiz tomonidan Olimpiadaga tayyorgarlik yoʻlida barcha sharoitlar yaratib berilishi, ular har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishini taʼkidlab oʻtdi.

Ochiq muloqot tarzida oʻtgan uchrashuv yakunida Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi mutasaddilari va murabbiylar shtabi bilan oldinda turgan rejalar haqida fikr almashildi. Shuningdek, terma jamoa jamoa shifokori Yelena Abayeva kurashchilarimizning tibbiy-farmakologik taʼminoti va ularning salomatligi borasida axborot berdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *