Ertaga jismoniy tarbiya va sportni eng faol targʻib qilgan korxona-tashkilotlar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari taqdirlanadi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-yanvardagi “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 6-son Qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tanlov oʻtkazib kelinmoqda.

Ushbu tanlovda tashkilotlarning barcha boʻlinmalari miqyosida tashkil etilgan sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlarini muntazam ravishda oʻtkazganligi uchun hamda aholining keng qatlami orasida ommaviy sportni rivojlantirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etganligi uchun nominatsiyalarida gʻoliblar aniqlanadi.

2019-yil korxona va tashkilotlar oʻrtasida oʻtkazilgan “Tashkilotlarning barcha boʻlinmalari miqyosida tashkil etilgan sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlarini muntazam ravishda oʻtkazganligi uchun” nominatsiyasida gʻoliblik Toshkent viloyatining “Maxam-Chirchiq” aksionerlik jamiyatiga nasib etgan boʻlsa, “Aholining keng qatlamlari oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etganligi uchun” nominatsiyasi boʻyicha Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi gʻolib, deb topilgandi.

2020-yili oʻtkazilgan tanlovda korxona-tashkilotlar oʻrtasida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksionerlik jamiyati oʻz xodimlari orasida sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlarini muntazam ravishda tashkil etganligi uchun gʻoliblikka munosib koʻrilgan boʻlsa, “Aholining keng qatlamlari oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etganligi uchun” nominatsiyasida bu safar Toshkent shahar Mirobod tumani hokimligi eng koʻp ovoz bilan gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Tanlov gʻoliblari “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoni hamda Oʻzbekiston Respublikasida oʻrnatilgan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Gʻoliblarni taqdirlash marosimi 2020-yil 17-dekabr kuni, yaʼni ertaga soat 16:00da “Zarafshon” konsert zalida tashkil etiladi.

Barcha turdagi ommaviy axborot vositalari xodimlarini taqdirlash marosimiga taklif etamiz.


Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *