Fargʻonada 5 ta muhim tashabbusning ikkinchi yoʻnalishi amalda

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida 2019-yil 19-mart kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida yoshlarimizga boʻlgan eʼtiborni yana-da kuchaytirish, ularni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish, yurtimiz yoshlari oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga urgʻu berilgan boʻlib, ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha 5 ta muhim tashabbus ilgari surilgan edi.

Mazkur tashabbusning ikkinchi yoʻnalishi yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasidagi qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan. Ushbu tashabbusni amaliyotga joriy etilishini taʼminlash boʻyicha bir qator sport tadbirlari oʻtkazib kelinmoqda.

Jumladan, kuni kecha Fargʻona viloyatida Margʻilon shahrida “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostida ommaviy yurish, badantarbiya mashgʻulotlari, mahallalardagi nuroniy otaxonlarni sogʻlomlashtirish uchun Yoga mashgʻulotlari, “Workout” – mahalla (koʻcha) fitnesi turi boʻyicha mashgʻulotlar hamda shaxmat musobaqasi, Margʻilon shahar 2-sonli bolalar-oʻsmirlar sport maktabi tasarrufidagi “Yoshlik” suzish havzasida mahallada istiqomat qilayotgan bolalar va qizlar oʻrtasida suzish musobaqasi, “Miltiqsoz” MFYda xususiy tadbirkor tomonidan 2019-yilda qurib bitkazilgan “Fitnes” zalida shahardagi uyushmagan xotin-qizlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini mustahkamlash maqsadida sport mashgʻulotlari hamda 18-30 yoshdagi mahalla yoshlar oʻrtasida “Hokim kubogi” futbol musobaqalari oʻtkazildi.

Barcha sport musobaqalari hamda ommaviy sport tadbirlari respublika maxsus komissiyasining hududlarda koronavirus infeksiyasi keng tarqalishini oldini olish borasidagi tavsiyalariga toʻliq rioya qilgan holda amalga oshirildi.

Ushbu sport tadbirlarini oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad , aholining barcha qatlamlari oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish orqali ularni jismoniy hamda intellektual jihatdan kamol toptirish, zararli odatlar va turli kasalliklarning oldini olish, sogʻlom turmush tarzi koʻnikmasini shakllantirish, sport musobaqalari orqali yoshlarda iroda, oʻz kuchi va imkoniyatlariga ishonch kabi fazilatlarni mustahkamlash hamda yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralash boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirishdan iborat.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *