Faxriy sportchi yoshlarga master-klass o‘tdi

Surxondaryo – polvonlar yurti. Bejiz bu zamindan ko‘plab kuragi yerga tegmagan pahlavonlar yetishib chiqmagan. Shunday zabardast polvonlardan biri xalqaro toifadagi sport ustasi Rustam Ergashevdir.

O‘zbekiston istiqlolga erishgan dastlabki yillarda, o‘zbek kurashi asta-sekin dunyoga yuz tutayotgan paytlarda Rustam polvonning dovrug‘i tillarda doston bo‘lgan. Ammo, bugungi yosh avlod Rustam Ergashevni deyarli tanimaydi, bilmaydi.

Kuni kecha Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabi maʼmuriyati faxriy sportchini sport taʼlim muassasasining dzyudo seksiyasiga jalb qildi va yoshlar uchun mahorat saboqlari tashkil etdi.

Uchrashuvda Rustam Ergashev bugungi yoshlarga yaratilgan sharoitlar haqida gapirib, ularga yaxshi maʼnoda havas qilishini taʼkidladi. So‘ngra yosh polvonlar uchun master-klass o‘tib berdi va o‘zining boy tajribasini izdoshlari bilan bo‘lishdi.

Maʼlumot uchun: Rustam Ergashev – Eronda o‘tkazilgan Osiyo kubogi sohibi, shuningdek Prezident sovrini uchun o‘tkazilgan Al-Hakim At-Termiziy xalqaro turnirining g‘olibi sanaladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *