Futbol: milliy terma jamoa Eron va BAAga qarshi oʻrtoqlik oʻyinlariga qizgʻin hozirlik koʻrmoqda

Vadim Abramov bosh murabbiyligidagi Oʻzbekiston milliy terma jamoasi oktyabr oyidagi FIFA kunlarida Eron va Birlashgan arab amirliklari terma jamoalariga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushishi haqida xabar bergandik. Vakillarimiz boʻlajak oʻyinlarga “Bunyodkor” futbol akademiyasi maydonlarida hozirlik koʻrmoqda.

Bugun BAAning “Shabab Al Ahli” klubi yarim himoyachisi Aziz Gʻaniyev, yigʻinga chaqiruv olgan “Paxtakor” klubi aʼzolari hamda boshqa futbolchilar ham terma jamoamiz ixtiyoriga kelib qoʻshildi.

Afsuski, “Nasaf” klubi vakillari Oybek Bozorov hamda Husniddin Aliqulovlar oʻz jamoasi mashgʻulotlarida olgan jarohati sabab ushbu yigʻinni oʻtkazib yuborishadi.

Milliy terma jamoamiz bugundan toʻliq tarkibda mashgʻulotlarni davom ettiradi.

Eslatib oʻtamiz, milliy terma jamoamiz 8-oktyabr kuni Toshkentdagi “Paxtakor” markaziy stadionida Eron bilan kuch sinashsa, 12-oktyabr kuni Dubayda amirliklar terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *