
Xabar berganimizdek, shu kunlarda Toshkent shahri va Namangan viloyatida 2003 va 2007-yillarda tugʻilgan oʻsmirlar oʻrtasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar terma jamoalari oʻrtasida Oʻzbekiston kubogi musobaqasi davom etmoqda.
Agar 2003-yilda tugʻilgan oʻsmirlar Toshkent shahrida oʻzaro bahslashayotgan boʻlsalar, 2007-yilda tavallud topgan yosh futbolchilar Namanganda jam boʻlishgan.
Bugun musobaqaning yarim final oʻyinlari oʻtkazilib, finalchilar aniqlandi. Toshkent shahrida oʻtayotgan musobaqada mezbonlar qashqadaryolik tengqurlariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi – 5:1. Ammo, ikkinchi juftlikda bir-biriga munosib raqiblar toʻqnash keldi. Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlari jamoalari oʻrtasidagi oʻyinning asosiy vaqtida kuchlar teng keldi – 1:1. Penaltilar seriyasida omad janubliklarga kulib boqdi – 5:3. Endi hal qiluvchi final oʻyinida Toshkent shahri va Surxondaryo viloyati jamoalari toʻqnash keladi.
Namangan viloyati mezbonlik qilayotgan 2007-yildagi oʻsmirlar oʻrtasida ham final uchrashuvi poytaxtliklar ishtirokida oʻtadigan boʻldi. Ular yarim finalda Navoiy viloyati terma jamoasini 7:0 hisobida tor-mor etdi. Ikkinchi oʻyinda fargʻonaliklar Sirdaryodan kelgan tengqurlarini 4:1 hisobida dogʻda qoldirdi.
Har ikkala yosh toifasida gʻoliblar ertaga aniqlanadi.



Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati