Gran Prix Zagreb Open: hamyurtlarimiz hisobida ikkita oltin va bittadan kumush va bronza

Xorvatiya poytaxti Zagreb shahrida yunon-rum kurashi boʻyicha mavsumning ilk rasmiy musobaqasi – Gran Prix Zagreb Open 2021 turniri yakunlandi.

Dunyoning 30ga yaqin davlatidan mahoratli yunon-rum kurashi ustalari ishtirok etgan ushbu musobaqada yurtimiz sport sharafini Ravshan Roʻziqulov murabbiyligidagi polvonlarimiz himoya qilishyapti. Hozirgacha bir nechta vazn toifalarida gʻolib va sovrindorlar nomi maʼlum boʻlib ulgurdi.

Quvonarlisi, -55 kg vaznda yurtimiz sharafini himoya qilgan Jasurbek Ortiqboyev barcha raqiblarini yengib, oltin medalga sazovor boʻldi. U finalda germaniyalik Fabian Shmittdan 9:0 hisobida ustun keldi. Shu vazn toifasidagi yana bir kurashchimiz Ilhom Bahromov esa italiyalik Jovanni Frenini yengib, kumush medalga ega chiqdi. Gap shundaki, ushbu vaznda ishtirokchilar soni kam boʻlgani bois, bellashuvlar aylana tizimda oʻtkazildi.

-60 kg vazn toifasidagi terma jamoamiz aʼzosi, Osiyo chempioni Islomjon Bahromov ham musobaqa gʻolibiga aylandi. U turkiyalik Axmet Uyarga qarshi kechgan final bahsida raqibini ayab oʻtirmadi – 9:0 va terma jamoamiz hisobiga ikkinchi oltin medal qoʻshib qoʻyildi. Xuddi shu vazn toifasidagi polvonimiz Feruz Toʻxtayev bronza medali uchun kechgan bahsda polshalik Micha Trashni magʻlub etdi.

Oʻtish bellashuvida italiyalik Franchesko Bellinodan 8:0 hisobida ustun kelgan Mirzobek Rahmatov (-67 kg) bronza medali uchun kechgan uchrashuvda moldovalik Daniyar Islamovga yutqazib qoʻydi. Aram Vardanyan (-72 kg) esa bronza medali uchun boʻlib oʻtgan bahsda bir ochko (8-9) farqi bilan finlyandiyalik Mikko Peltokangasdan yengildi.

Shu tariqa, terma jamoamiz Gran Prix Zagreb Open turnirida 2ta oltin, bittadan kumush va bronza medalini qoʻlga kiritdi.

Maʼlumot uchun, Ravshan Roʻziqulov murabbiyligidagi yunon-rum kurashi boʻyicha terma jamoamiz 19-29-yanvar kunlari Xorvatiyaning Porech shahrida tashkil etiladigan xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinida ishtirok etishadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *