Hamdardlik bildiramiz

Bugun, 20 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev 56 yoshida vafot etdi.

O‘ktam Barnoyev 1964 yilda tug‘ilgan. U 1997-2000 yillarda Buxoro viloyati Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining iqtisodiyot va islohotlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, 2000-2002 yillarda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimida rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib borgan.

2002-2007 yillarda Vazirlar Mahkamasining agrosanoat majmuasida yetakchi mutaxassis hamda departament mudiri lavozimlarida ishlagan.

Shuningdek, 2007-2008 yillarda qishloq va suv xo‘jaligi vaziri birinchi o‘rinbosari, 2008-2010 yillarda Samarqand viloyati hokimi, 2011-2016 yillarda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining Respublika suv inspeksiyasi boshlig‘i, 2016 yilda “O‘zagrokimyo” kompaniyasi boshqaruvi raisi lavozimlarida faoliyat olib borgan. U 2016 yil dekabridan 2020 yilning 28 fevraligacha Buxoro viloyati hokimi bo‘lgan.

So‘ngra O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari etib tayinlangandi.

O‘ktam Barnoyev sportning ashaddiy muxlisi edi. U kishi qaysi lavozimda ishlamasin, hamisha jismoniy tarbiya va sportga jiddiy eʼtibor qaratib kelgan. 2020 yilning 6 iyulida esa O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi etib saylangandi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *