
Osiyo boks konfederatsiyasi prezidenti Anas Alotayba tashkilotda rasman yangi Fond – Osiyoda boksni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilganini maʼlum qildi.
Eʼtiborlisi, ushbu fondga aynan oʻzbekistonlik mutaxassis rahbarlik qiladigan boʻldi. Unga koʻra, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Polatov ushbu fond rahbari etib tayinlandi.
ASBC (Osiyo boks konfederatsiyasi) rahbari ushbu tashkilot tuzilganini eʼlon qilar ekan, Osiyoda boksni yana-da rivojlantirish borasida uzoq muddatlik strategiya ishlab chiqilganini aytdi.
Kelasi yili ASBC byudjetida yangi Fond uchun maʼlum miqdordagi mablagʻ ajratiladi. Ushbu pul qitʼamizda boksi rivojlanayotgan mamlakatlar milliy federatsiyalariga ajratiladi.
Osiyo boks konfederatsiyasi Fond soʻroviga asosan, bunday mamlakatlarni boks uchun zarur boʻlgan anjomlar, taʼlim kurslari, logistika masalalari va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha qoʻllab-quvvatlaydi.
Fond komissiyasi tarkibida hamyurtimizga besh nafar mintaqaviy vitse-prezident ham tayinlangan. Unga koʻra, fond rahbariyati tarkibi quyidagicha koʻrinish olgan:
Saken Polatov (Oʻzbekiston) – Osiyo boks konfederatsiyasi Ijroqoʻm aʼzosi, Fond raisi.
Edgar Pikson (Filippin) – Osiyo boks konfederatsiyasi Ijroqoʻm aʼzosi, Fond raisi oʻrinbosari
Favzi Asafra (Falastin) – Falastin boks federatsiyasi prezidenti
Raj Kumar Sacheti (Hindiston) – Hindiston boks federatsiyasi ijrochi direktori, ASBC prezidenti maslahatchisi
Billi Vong (Makao) – Makao boks federatsiyasi vakili
Hamyurtimiz oʻz bilim va malakasi evaziga endilikda nafaqat Oʻzbekiston, balki qitʼamiz boksi rivojiga ham oʻz hissasini qoʻshadigan boʻldi.Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati