Hamyurtimiz Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti etib saylandi

Xabar berganimizdek, shu kunlarda Oʻmonning Maskat shahri Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK)ning navbatdagi Bosh Assambleyasiga mezbonlik qilmoqda. Assambleyadan bir kun avval anʼanaga koʻra 74-Ijroiya qoʻmitasi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda tashkilot rahbariyatining yangi tarkibi va Ijroiya qoʻmitasiga aʼzolar saylandi.

OOK Konstitutsiyasiga koʻra (qoidalarni qoʻllash, 71- va 76-moddalariga asosan) 5ta yirik kompleks musobaqalarga mezbonlik qiluvchi mamlakatlar OOK vitse-prezidenti lavozimiga oʻz nomzodini koʻrsatish huquqiga ega boʻlishi qayd etilgan.

Shunga muvofiq, Oʻzbekiston 2025-yilgi IV yoshlar Osiyo oʻyinlarini qabul qilishi tuayli birinchi marta oʻz vakilini OOK rahbariyatiga nomzod sifatida taklif etish imkoniga ega boʻldi.

Mazkur anjumanning biz uchun eʼtiborli jihati, OOK vitse-prezidentligiga nomzodlar qatorida hamyurtimiz, Markaziy Osiyo MMA Konfederatsiyasi rahbari Otabek Umarov ham bor edi.

Bugun boʻlib oʻtgan OOK Ijroiya qoʻmitasi yigʻilishida Otabek Umarov nomzodi bir ovozdan maʼqullandi va hamyurtimiz tashkilot vitse-prezidenti etib rasman saylandi.

“Avvalambor, menga bildirilgan yuksak ishonch uchun barchaga minnatdorlik bildiraman. Bunday nufuzli tashkilotda mamlakatimiz manfaatlarini himoya qilish, qitʼada olimpiya harakatini rivojlantirishga hissa qoʻshish men uchun sharaf. Toshkentda oʻtadigan 2025-yilgi IV yoshlar Osiyo oʻyinlarini oʻtkazish Yangi Oʻzbekiston uchun jahon hamjamiyati oldidagi jiddiy sinovlardan biri. Hukumatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan ushbu musobaqani yuqori saviyada tashkil qilishga bor kuch va gʻayratimizni ishga solamiz», – dedi Otabek Umarov.

Ertaga, 16-dekabr kuni Maskatda Osiyo Olimpiya kengashining Bosh Assambleyasi yigʻilishi oʻtkaziladi. Unda Otabek Umarov rasman OOK vitse-prezidenti sifatida ishtirok etadi. Yanada ahamiyatlisi, Assambleya doirasida OOK va Oʻzbekiston tomoni oʻrtasida 2025-yil yoshlar Osiyo oʻyinlarini Toshkentda oʻtkazish boʻyicha shartnoma imzolash marosimi boʻlib oʻtadi.

OOK Bosh Assambleyasi yigʻilishida Oʻzbekiston nomidan Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov, Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Toshkent-2025 IV yoshlar Osiyo oʻyinlari direksiyasi direktori Oybek Kasimov va boshqalar ishtirok etishmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *