Havaskorlar oʻrtasida tennis musobaqasi yakunlandi yoxud navbatdagi “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” taqdirlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida mamlakatimiz boʻylab turli ommaviy sport musobaqalari oʻtkazib kelinmoqda.

Jumladan, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston tennis federatsiyasi, Oʻzbekiston Milliy banki hamkorligida Respublika Olimpiya zaxiralari tennis maktabida tennis boʻyicha havaskorlar oʻrtasida «Havas-2020” musobaqasi tashkil etildi.

Ushbu musobaqada turli tashkilot va idoralarda faoliyat olib borayotgan 30 nafarga yaqin rahbar xodimlar 15ta juftlikda 4 guruhga boʻlingan holda dastlab guruh, soʻngra pley-off bosqichida gʻoliblik uchun bahs olib borishdi.

Bugun ushbu musobaqaning yarim final hamda final uchrashuvlari oʻtkazildi. Shuningdek, turnirning yopilish marosimi ham tashkil etildi. Musobaqaning yopilish marosimida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, Oʻzbekiston tennis federatsiyasi raisi Alisher Mirsoatov hamda boshqa mutasaddilar ishtirok etishdi.

Shuningdek, musobaqaning yopilish marosimida mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, aholi, ayniqsa yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanishi, xodimlar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni yana-da rivojlantirishga qoʻshgan munosib hissasi uchun Oʻzbekiston tennis federatsiyasi raisi Alisher Kudratullayevich Mirsoatov “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Turnirning yakuniy natijalariga koʻra, Furqat Karimov va Yorqin Zoirov juftligi raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmagan holda 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. 2-oʻrin Valeriy Tyan hamda Vladislav Shegay juftligiga nasib etgan boʻlsa, Muhsin Ashurov-Artur Maurer dueti kuchli uchlikni yakunlab berdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *