Islohotlar samarasi: Sport aholi salomatligi yoʻlida muhim vositaga aylanmoqda

Yurtimizda pandemiya sharoiti boʻlishiga qaramasdan, ayni kunlarda ham respublikamizda yoshlar masalasi, ularning barkamol shaxs sifatida kelajakda har tomonlama yetuk, raqobatbardosh malakaga ega kadrlar qilib tarbiyalash masalasi davlat siyosati darajasida qaralib, chuqur islohotlar olib borilmoqda. Ayniqsa, Muhtaram Prezidentimizning yurtimizda ilm-u maʼrifat, sanʼat va madaniyat, ayniqsa, sportni rivojlantirishga qaratilgan tarixiy ishlari asrlarga tatigulik mazmun va samara kasb etmoqda.

Oxirgi yillarda mamlakatimiz rivojlangan xorijiy davlatlarning sportni rivojlantirishga qaratilgan taktikalari har tomonlama oʻrganilib, oʻzimizga xos va oʻzimizga mos ravishda ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etila boshlandi. Respublikamiz tarixida ana shunday strategik ahamiyatga ega boʻlgan tarixiy hujjat Muhtaram Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 24-yanvar kuni “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yana-da takomillashtirish va ommalashtirish chora–tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni eʼlon qilindi.

Taʼkidlash lozimki, Mustaqillik yillarida yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish hamda mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini taʼminlash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin, jismoniy tarbiya va sport sohasida aholi sogʻligʻini mustahkamlashga koʻmaklashadigan aniq dasturlarning yetishmasligi, Oliy taʼlim muassasalarida yoshlarni sportga keng jalb qilish va ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, sport turlari boʻyicha yuqori natijalarni taʼminlaydigan mahoratli sportchilar bilan milliy terma jamoalarni shakllantirish va trenerlar uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish masalalarida kamchiliklarning ham borligi hech kimga sir emasdi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan mazkur Farmon, avvalo, yuqorida taʼkidlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf qilishga qaratilganligi bilan, shuningdek, yurtimizda yuksak madaniyatga ega boʻlgan har tomonlama yetuk hamda jismonan sogʻlom insonni shakllantirish maqsadida aholining jismoniy tarbiya va sport sohasida malaka va bilimlarini orttirishga qaratilgan ustuvor yoʻnalishlarni belgilashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Eng asosiysi, mazkur strategik hujjatga muvofiq, jismoniy tarbiya va sport tizimini 2025-yilgacha isloh qilishning asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi va bu boʻyicha Konsepsiya hamda Yoʻl xaritasi ishlab chiqildi.

Quvonarli jihati shundaki, jamiyatimizda aholini sogʻlom turmush tarzi tamoyillariga oʻrgatishga yoʻnaltirilgan bir qator choralar belgilanganki, unga muvofiq jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanayotgan aholining umumiy sonini yillar kesimida 30 foizgacha, sport tashkilot va muassasalarida shugʻullanayotgan yoshlarning umumiy sonini 20 foizgacha oshirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, davlat sport taʼlimi muassasalarida trener va mutaxassislarning sifat tarkibi, xususan, oliy maʼlumotli xodimlar sonini bosqichma-bosqich 80 foizgacha yetkazishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Hujjatda bayon qilinishicha, yurtimiz yoshlari orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, seleksiyasining samarali va shaffof toʻrt bosqichli – tashkilot-tuman (shahar)-hudud-respublika tizimini ishlab chiqish va joriy etish mexanizmi aniq va ravshan yoritib berilgan.

Bizlar uchun yana bir quvonarli tomoni, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi sport maktablari oʻquvchi-sportchilari oʻrtasida “Bolalar sport oʻyinlari”ni oʻtkazish orqali iqtidorli sportchilarni aniqlash va yoshlar terma jamoalariga zaxira yaratish hamda oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida “Talabalar sport oʻyinlari”ni tashkil etish natijasida talabalarni sport bilan muntazam shugʻullanishga erishish tizimining mexanizmi yaratib berildi.

Aholining keng qatlamlari, jumladan, umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari, professional va oliy taʼlim muassasalari oʻquvchi va talabalari oʻrtasida jismoniy tarbiyani ommalashtirish, ular orasida iqtidorlilarini aniqlash maqsadida “Umumtaʼlim maktab sporti” festivali, “Jismoniy tayyorgarligi rivojlangan muassasa” koʻrik-tanlovini bosqichma-bosqich (tuman, shahar, hudud, respublika) oʻtkazish tizimini ishlab chiqib, tayyorgarlik darajasi rivojlangan eng yaxshi umumtaʼlim maktabi, professional va oliy taʼlim muassasasi nominatsiyasini joriy etilishi esa oliy taʼlim bilan umumiy oʻrta maxsus taʼlim muassasalarining uzviyligini taʼminlovchi yangicha mexanizm sifatida alohida taʼkidlash lozim.

Biz yoshlar uchun yana bir ahamiyatli jihati shundaki, endilikda sportchi yoshlarni saralash va katta sportga iqtidorli sportchilarni tanlab olish, sport zaxirasini shakllantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi, yoshlar orasida sportni ommalashtirishda yuqori natijalarga erishish maqsadida hududlarning oʻziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishi va xohish-istaklaridan kelib chiqib, umumtaʼlim maktablari oliy taʼlim muassasalari kamida bittadan rivojlanayotgan milliy sport turlariga ixtisoslashtirilishi yurtimizda ilk bora kuzatilayotgan hodisadir.

Ayni yoʻnalishda sport tayyorgarligidan oʻtayotgan oʻquvchi-sportchining sportdagi natijalari yaxshilanganda va u boshqa yuqori darajadagi sport taʼlimi muassasasiga oʻtkazilganda, uni tayyorlagan trenerga bir oylik ish haqi miqdorida bir martalik mukofot puli toʻlash tizimining joriy etilishi ustoz-murabbiylarimiz uchun yaratilgan keng imkoniyatlardan biridir.

Oldinlari kuzatilmagan yana bir oʻziga xoslik shundaki, yurtimiz yoshlari uchun yana bir imkoniyat yaratildi, yaʼni, olimpiya va paralimpiya sport turlari boʻyicha Olimpiya va Paralimpiya hamda Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari, jahon, Osiyo va respublika chempionatlarida oxirgi uch yilda gʻolib va sovrindor (1-3 oʻrin) boʻlgan sportchi-yoshlarni oliy taʼlim muassasalariga (tibbiyot yoʻnalishidan tashqari) uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat asosida qoʻshimcha davlat granti asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilish tizimi yaratildi.

Shuningdek, oliy taʼlim tizimida faoliyat yuritayotgan hurmatli ustozlarimiz uchun yana-da keng imkoniyat va sharoitlarning yaratilishi biz talaba-yoshlarning ham koʻnglida faxr va iftixor tuygʻusini paydo etadi, yaʼni, olimpiya sport turlari boʻyicha respublika (1-oʻrin) va xalqaro musobaqalarda (Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida, jahon chempionatida va Osiyo chempionatida 1-3 oʻrinlar) gʻolib chiqqan oliy taʼlim muassasalari talabalarini tayyorlagan jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishidagi kafedralar oʻqituvchilariga navbatdagi ilmiy unvonlarni (dotsent, professor) toʻgʻridan-toʻgʻri berish tartibi joriy etiladigan boʻldi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan bizning yoʻnalishimizda strategik ahamiyatga ega boʻlgan mazkur hujjat bilan tanishar ekanman, oʻzim tahsil olayotgan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida taʼlim olayotgan men kabi yoshlar uchun, qolaversa, oʻqituvchi, ustoz-murabbiylarim uchun ham quvonarlidir.

Negaki, Qoraqalpogʻistondagi dastlabki oliy taʼlim dargohi hisoblangan, 86 yillik tarixga ega boʻlgan institutimizda ham sport-tarbiya ishlari namunali tarzda yoʻlga qoʻyilgan. Ana shu bois, bugungi kunda institutimiz talabalari nafaqat Qoraqalpogʻistonda, balki, Oʻzbekiston va dunyo arenalarida munosib ishtirok etishib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritishmoqda.

Institutimizda mavjud 12 ta sport seksiyasining doimiy faoliyat koʻrsatishi va ularga tajribali ustozlarimizning trener sifatida biriktirilishi hamda tizimli ravishda belgilangan jadval asosida sportning turli yoʻnalishlari boʻyicha musobaqalar tashkil etilishi iqtidorli sportchi yoshlarning saralab olish imkonini bermoqda.

Jumladan, joriy oʻquv yilining dastlabki yarim yilligining oʻzida fakultetimiz rahbariyati hamda ustoz-trenerlarimiz rahbarligida “Sport oyligi” tadbirlari doirasida institutimizning barcha fakultetlardan 10 ta jamoaning toʻliq ishtirok etishi va jadval asosida basketbol, voleybol, gandbol, futbol, stol tennisi, yengil atletika, Quvnoq startlar hamda gimnastika sport musobaqalari yuqori saviyada oʻtkazilishi yoshlar qalbida unutilmas voqea boʻlib qoldi. Ana shunday musobaqalarda faol ishtirok etgan va gʻolib boʻlgan tengdoshlarim Qoraqalpogʻiston, Oʻzbekiston va Xalqaro nufuzli musobaqa va tanlovlarda ham munosib ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritishib kelishmoqda.

Fikrimiz dalili sifatida aytishim mumkinki, hurmatli ustozimiz, institutimizning tajribali treneri Ozod aka Kazakov rahbarligidagi “Voleybol qizlar” komandasi har yili Respublikamizda tashkil qilinayotgan turli xil musobaqalarda munosib ishtirok etishib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritib kelishmoqda. Jumladan, tengdoshlarimning Voleybol boʻyicha xotin-qizlar orasida Toshkent shahrida oʻtkazilgan Oliy liga komandalarining XXVI Oʻzbekiston chempionati musobaqasida “NDPI” voleybol qizlar komandasi chempionlikni qoʻlga kiritib, komanda aʼzolari “Oʻzbekiston sport ustasi” darajasini egallashga muvaffaq boʻlishdi. Eng quvonarlisi, Voleybol qizlar jamoasi joriy yilda “Universiada-2020” sport oʻyinlarida ham faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritishib, Oʻzbekiston chempioni, oltin medal sohibi boʻlishdi.

Shuningdek, ayni shu yil “Universiada-2020” sport musobaqalari davomida sportning 4 ta yoʻnalishi boʻyicha institut yoshlarining faxrli oʻrinlarni egallashi, bevosita ustoz-trenerlarimizning zahmatli mehnatlari evazigadir.

Bugungi kunda butun dunyoni qamrab olayotgan koronavirus pandemiyasi bois yurtimizda karantin holati deb eʼlon qilinsada, biz sportchi yoshlar oʻz uyimizda turib, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida nafaqat institutimiz balki, Oʻzbekiston OTMlari orasida tashkil qilinayotgan onlayn sport musobaqalarda ham faol ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritib kelmoqdamiz. Ayni holat esa, bizlarning boʻsh vaqtlarimizni foydali va mazmunli oʻtkazishda samara bermoqda.

Xulosa oʻrnida alohida taʼkidlaymanki, qabul qilingan strategik hujjat – Muhtaram Prezidentimizning “Biz buyuk Oʻzbekiston kelajagini albatta, yoshlar bilan birga quramiz”, degan shior ostida amalga oshirilayotgan islohotlarning joriy yildagi ilk namunasi sifatida baholayman. Negaki, bugungi kunda nafaqat bizlar tahsil olayotgan oliy taʼlim muassasalarida yoki maktab va litseylarda, hatto oʻzim tugʻilib oʻsgan Toʻrtkoʻl tumanining chekka-chekka qishloqlarida ham sportni jon-u dilidan yaxshi koʻradigan, davlatimiz bayrogʻini jahonning yuksak arenalarida baland koʻtarishni niyat qilib, harakat qilayotgan yoshlarimiz talaygina. Mazkur qabul qilingan Farmon esa, ayni yoʻnalishda Prezidentimizga kamarbasta boʻladigan yurtimizning barcha sport ishqibozlariga, biz talaba-yoshlarga va hurmatli ustoz-trenerlarimizga dasturi amal xizmat qiladi.

Dildora Qurbonova 
Ajiniyoz nomidagi NukusDPI, 
Jismoniy madaniyat fakulteti talabasi

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *