Janubiy Koreya elchisi OʻzDJTSUga qiymati 50 million soʻmdan ortiq sport anjomlarini sovgʻa qildi

Bugun Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga Janubiy Koreyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Kan Je Kvon tashrif buyurdi.
Dastavval elchi janoblari universitetda talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.
Shundan soʻng universitet rektori Mahmud Boltabayev va mehmonlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasidagi jismoniy tarbiya va sport sohasidagi hamkorlikning hozirgi holati, oliy taʼlim muassasalarining oʻrni, oʻqituvchilar hamda talabalar almashinuvi xususida soʻz yuritildi. Hamkorlik koʻlami boʻyicha taklif-mulohazalar bildirildi hamda uni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuvda mehmonlarga Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida amalga oshirilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlari boʻyicha taqdimot qilindi.

Uchrashuv yakunida mehmonlarga estalik sovgʻalari topshirildi. Oʻz oʻrnida elchi janoblari Kan Je Kvon taekvondo taʼlim yoʻnalishi talabalari uchun universitetga qiymati 50 million soʻmdan ortiq boʻlgan dobok, protektor, mitta va boshqa sport anjomlarini sovgʻa qildi.
Maʼlumot uchun: 2008-yildan buyon universitetida taekvondo taʼlim yoʻnalishiga talabalar qabul qilinmoqda. Shu yillar davomida mazkur yoʻnalish boʻyicha 352 nafar oliy maʼlumotli mutaxassislar yetishib chiqdi va hozirda ular respublikamizning turli viloyatlarida oʻz faoliyatlarini muvaffaqiyatli davom ettirishyapti. Hozirgi kunda taekvondo taʼlim yoʻnalishida 310 nafardan ortiq talaba yoshlar tahsil olishmoqda.
Taekvondo mutaxassisligini tugatgan talabalar orasidan Akmal Ergashev, Yevgeniya Karimova, Irina Dirgach, Jasur Boyqoʻziyev hamda Nikita Rafalovich singari xalqaro toifadagi sport ustalari, jahon chempionati sovrindorlari va Osiyo oʻyinlari gʻoliblari yetishib chiqqan.
Shuningdek, universitetda bir necha yillardan buyon Janubiy koreyalik professor Baek Mun Jong talabalarga taekvondo sporti sir-asrorlarini oʻrgatib kelmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *