Janubiy koreyalik mehmonlar Oʻzbekiston kurash federatsiyasida boʻlishdi

Bugun Oʻzbekiston kurash federatsiyasiga Janubiy Koreyaning “Top Promotion” kompaniyasi boshqaruvi vakillari tashrif buyurdi.

Mehmonlar Toshkentdagi Kurash muzeyida boʻlishib, kurashning tarixi va buguni haqida hikoya qiluvchi eksponatlar, kurash haqidagi maʼlumotlar bilan tanishdi hamda ushbu milliy sportimiz xalqaro maydonda zamonaviy va istiqbolli sport turi sifatida rivojlanishi uchun barcha imkoniyatlarga ega ekanligini eʼtirof etishdi.

Ikki tomon oʻrtasida tashkil etilgan oʻzaro muloqotda Oʻzbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari, zamonaviy kurash qoidalari asoschisi K.Yusupov kurashni sport turi sifatida xalqaro maydonga olib chiqilishi yoʻlidagi harakatlar, uning dunyo arenasidagi rivojlanishi, tarixi haqida soʻzlab berdi. Oʻz navbatida mehmonlar Koreya milliy sport turi taekvandoni yozgi Olimpiya oʻyinlariga kiritilishi borasida olib borilgan ishlar, harakatlar haqida maʼlumot berdilar.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu memorandumga koʻra, kelajakda kurashni Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, jahon yoshlarini kurash sport turi bilan shugʻullanishga keng jalb etish, kurashni oʻzbek brendi sifatida jahon durdonasiga aylantirish va xalqaro nufuzini yuksaltirish, mustahkamlash borasida hamkorlik qilinishiga kelishib olindi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *