“Jismoniy tarbiya va sport vaziri kubogi”: debyutantning “parvozi” tugadi, bosh sovrin “Xalq banki”ga nasib etdi

Qariyb oʻn kun davomida “Bunyodkor” futbol akademiyasi maydonlari millionlar oʻyini boʻlmish futbol ixlosmandlari bilan gavjum boʻldi. 22-30-oktyabr kunlari bu yerda futbol boʻyicha vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, yirik korxona-tashkilotlar xodimlari oʻrtasida “Jismoniy tarbiya va sport vaziri kubogi” musobaqalari oʻtkazildi.

Hayajonli lahzalar, qizgʻin va murosasiz kurashlar ostida oʻtgan musobaqa bugun oʻz poyoniga yetdi. Hal qiluvchi bahsda “Xalq banki” hamda Agrosanoat majmuyida xizmatlar koʻrsatish markazi DUK jamoalari toʻqnash kelishdi.

Agar “Xalq banki” jamoasi bu kabi musobaqalarda qatnashishning yaxshigina hadisini olgan boʻlsa, Agrosanoat majmuyida xizmatlar koʻrsatish markazi DUK xodimlari ilk bora mana shunday musobaqalarda ishtirok etishayotgandi. Shunga qaramay debyutant finalgacha boʻlgan yoʻlni sharaf bilan bosib oʻtdi. Bu yoʻlda ular Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi, Oʻzstandart agentligi, “Mikrokredit bank” ATB va nihoyat yarim finalda Davlat bojxona qoʻmitasini ayab oʻtirmadi. Biroq, finaldagi raqib har qachongidan jiddiy edi.

Garchi oʻyin deyarli tengkurashlar ostida oʻtgan boʻlsada, yakunda “Xalq banki” jamoasi yirik – 4:0 hisobida gʻalabaga erishdi. Bunga sabab, bankirlar yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanishgan boʻlsa, musobaqa debyutantlari – Agrosanoat majmuyida xizmatlar koʻrsatish markazi DUK jamoasi koʻplab qulay vaziyatlarni koʻkka sovurdi.

Uchrashuv yakunida gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan medal, diplom va qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi. Musobaqa gʻolibiga bosh sovrin – koʻchma kubokni Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Sayfiddinovich Ermatov tantanali surʼatda topshirdi.

Nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar:

“Eng yaxshi darvozabon” – Bahodir Mansurov (Davlat bojxona qoʻmitasi)

“Eng yaxshi himoyachi” – Maʼmur Sultonov (Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi)

“Eng yaxshi toʻpurar” – Sunnatillo Toshpoʻlatov (14ta gol, Davlat bojxona qoʻmitasi)

“Eng yaxshi ishtirokchi” – Najmiddin Hikmatullayev (“Sharq” nashriyoti DUK)

“Eng yaxshi volontyor” – Yulduz Nosirova

3-oʻrin – Davlat bojxona qoʻmitasi

2-oʻrin – Agrosanoat majmuyida xizmatlar koʻrsatish markazi DUK

1-oʻrin – “Xalq banki”

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *