“Jismoniy tarbiya va sport vaziri kubogi”da finalchilar aniqlandi, finalda yangi jamoalar toʻqnash keladi

Vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari hamda yirik korxona va tashkilotlar xodimlari oʻrtasida oʻtayotgan futbol boʻyicha “Jismoniy tarbiya va sport vaziri kubogi” musobaqasida bugun finalchilar aniqlandi.

Yarim finalda musobaqa gʻolibligiga asosiy daʼvogarlardan biri sifatida eʼtirof etilayotgan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi jamoasi yirik hisobda imkoniyatni boy berdi. Ular “Xalq banki”ga 3-0 hisobida yutqazib qoʻyishdi. Xolbuki, uchrashuv davomida OʻFA jamoasi sezilarli ustunlikka erishdi. Ammo, lekin, biroq… omad kelmasa qiyin ekan!

Ikkinchi yarim final juftligida bu kabi musobaqalarda ilk marotaba qatnashayotgan Agrosanoat majmuyida xizmatlar koʻrsatish markazi DUK jamoasi Davlat bojxona qoʻmitasi ustidan 2-1 hisobida gʻalabaga erishdi va finalga yoʻl oldi. Nahotki shu bosqichgacha “sirli jamoa” boʻlib kelayotgan Agrosanoat majmuyida xizmatlar koʻrsatish markazi DUK finalda ham barchani ajablantirsa?! Buni 30-oktyabr kuni soat 16:00da “Milliy” stadionda boʻlib oʻtadigan final uchrashuvida bilib olamiz.

“Jismoniy tarbiya va sport vaziri kubogi”

½ final

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi – “Xalq banki” – 0:3

Agrosanoat majmuyida xizmatlar koʻrsatish markazi DUK – Davlat bojxona qoʻmitasi – 2:1

3-oʻrin uchun

29-oktyabr, soat 10:00

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi – Davlat bojxona qoʻmitasi

Final

30-oktyabr, soat 16:00

“Xalq banki” – Agrosanoat majmuyida xizmatlar koʻrsatish markazi DUK

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *