Jismoniy tarbiya va sport vazirligida Ravshan Ermatov Saudiya Arabistonining favqulodda va muxtor elchisi bilan uchrashdi

Joriy yil 23-oktyabr kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov Saudiya Arabistoni podshohligining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Xisham Meshaal Suvaylem al-Suvaylem boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Sir emas, sport avvalo millatlar va elatlar oʻrtasida madaniy xilma-xillik, davlatlararo va madaniyatlararo muloqot rivoj topishi, milliy merosni saqlash, ijtimoiy aloqalarni mustahkamlash orqali jamiyatni barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasida oʻzaro doʻstona aloqalar yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bugungi kunda ushbu hamkorlik sport sohasida ham tobora rivoj topmoqda. Bu jihatlar Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligida oʻtkazilgan yigʻilishda ham alohida eʼtirof etildi.

Uchrashuvda R.Ermatov Jismoniy tarbiya va sport vazirligi faoliyati haqida toʻxtalar ekan, mazkur tashkilot jismoniy tarbiya va sport sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanishi, qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning ikkinchi yoʻnalishi bevosita jismoniy tarbiya va sport sohasiga qaratilgan boʻlib, unda yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yoʻnaltirish belgilangani, oʻtgan davr mobaynida bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganligini taʼkidladilar.

Saudiya Arabistoni podshohligining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi bilan uchrashuvda bir qator masalalar, jumladan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan Saudiya Arabistoni podshohligining Sport boshqarmasi oʻrtasida jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorlik qilish maqsadida ishlab chiqilgan memorandumni saudiyaliklar tomonidan koʻrib chiqilishini tezlatish, ikki davlat sportchilarini xalqaro musobaqalarga tayyorlash uchun sport turlari boʻyicha qoʻshma oʻquv-mashgʻulotlar yigʻinlarini tashkil etish kompleksini ishlab chiqish, Saudiya Arabistoni tajribasini oʻrgangan holda Oʻzbekistonda ot sportini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, Saudiya Arabistonida milliy sport turimiz boʻlgan kurashni yana-da rivojlantirish, buning uchun podshohlikni malakali trenerlar bilan taʼminlash va qoʻshma oʻquv-yigʻin mashgʻulotlarini oʻtkazish borasida oʻzaro fikr almashildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *