Jismoniy tarbiya va sportni faol targʻib qilgan korxona-tashkilotlar taqdirlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-yanvardagi “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi

6-son Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tanlov oʻtkazib kelinmoqda.

Bugun mazkur tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Gʻoliblarni taqdirlash marosimi poytaxtimizdagi “Zarafshon” konsert zalida tashkillashtirildi.

Tadbirda Jismoniy tarbiya va sport vaziri oʻrinbosari Avazjon Karimov soʻzga chiqdi.

– Bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bevosita rahnamoligida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Bugungi oʻtkazilayotgan tadbirimiz ham mana shu saʼy-harakatlar davomi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Fursatdan foydalanib, “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishini tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirganligi uchun” tanlovida gʻolib deb topilgan barcha korxona-tashkilotlar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarini samimiy muborakbod etaman.

Ushbu tanlovda tashkilotlarning barcha boʻlinmalari miqyosida tashkil etilgan sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlarini muntazam ravishda oʻtkazganligi uchun hamda aholining keng qatlami orasida ommaviy sportni rivojlantirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etganligi uchun nominatsiyalarida gʻoliblar aniqlandi.

Unga koʻra, 2020-yili oʻtkazilgan tanlovda korxona-tashkilotlar oʻrtasida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksionerlik jamiyati oʻz xodimlari orasida sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlarini muntazam ravishda tashkil etganligi uchun gʻoliblikka munosib koʻrilgan boʻlsa, “Aholining keng qatlamlari oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etganligi uchun” nominatsiyasida bu safar Toshkent shahar Mirobod tumani hokimligi eng koʻp ovoz bilan gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Tanlov gʻoliblariga “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoni hamda Oʻzbekiston Respublikasida oʻrnatilgan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida pul mukofotlari topshirildi.

Maʼlumot uchun, 2019-yil korxona va tashkilotlar oʻrtasida oʻtkazilgan “Tashkilotlarning barcha boʻlinmalari miqyosida tashkil etilgan sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlarini muntazam ravishda oʻtkazganligi uchun” nominatsiyasida gʻoliblik Toshkent viloyatining “Maxam-Chirchiq” aksionerlik jamiyatiga nasib etgan boʻlsa, “Aholining keng qatlamlari oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etganligi uchun” nominatsiyasi boʻyicha Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi gʻolib, deb topilgandi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *