Jizzax viloyati hokimi 350 nafardan ziyod sportchini taqdirladi

Jizzax shahridagi anjumanlar zalida viloyat hokimi Ergash Saliyevning jizzaxlik sportchilar bilan uchrashuvi o‘tkazildi.

Bugun Jizzax viloyati yoshlari ilm-fan, iqtisodiyot, sanʼat kabi sohalar bilan bir qatorda sport sohasida ham o‘z qobiliyatlarini namoyon etib kelmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davri davomida viloyat sportchilari 4ta jahon va Osiyo, 24 ta xalqaro turnir, 147 ta Respublika miqyosidagi musobaqalarda qatnashib, yuksak ko‘rsatkichlar qayd etdi. Natijada, 5 ta sport ustasi, 150 nafarga yaqin sport ustaligiga nomzod va 380 nafar yoshlar 1-darajali sportchi talablarini bajardi.

Jizzaxlik sportchilar Osiyo va jahon chempionatlarida 8ta (shundan 2ta oltin, 2ta kumush va 4ta bronza medallari), xalqaro turnirlarda jami 61 ta (21ta oltin, 17ta kumush va 23ta bronza), Respublika musobaqalarida jami 844 ta (239 ta oltin, 236 ta kumush, 369 ta bronza) medallarni qo‘lga kiritishdi.

Tarixda ilk bor viloyat sportchi yoshlaridan 4 nafari eng nufuzli turnir,  yaʼni, 2021 yilda Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun yo‘llanmalarni qo‘lga kiritishdi. Jumladan, boks bo‘yicha “Paxtakor” tumanidan Bobousmon Boturov, velosport bo‘yicha “Zafarobod” tumanidan Olga Zabelinskaya, suzish bo‘yicha “Mirzacho‘l” tumanidan Vladislav Mustafin hamda paralimpiya yo‘nalishining pauerlifting turi bo‘yicha “Do‘stlik” tumanidan Farhod Umirzoqovlar ushbu sharafli vazifani uddalashdi.

Joriy yilda 10,0 mlrd. so‘mdan ortiq investitsiya kiritilishi hisobiga Fransiya davlati mutaxassislari hamkorligida Jizzax shahridagi “Sangzorko‘l” majmuasi o‘rnida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan 3000 o‘rinli sportning velo VMX yo‘nalishi bo‘yicha velotrassa qurilishi ishlari davom ettirilmoqda.

Osiyo tennis federatsiyasi vitse-prezidenti, tennis bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi, ko‘plab xalqaro musobaqalar sovrindori Iroda To‘laganovaning Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida, yurtimizning tennis sport turi bo‘yicha masʼullari bilan birgalikda Jizzax shahridagi “Sangzorko‘l” majmuasi o‘rnida 4ta tennis korti qurilishi bo‘yicha fikr almashdi.

 Aholining jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha investitsiya dasturi asosida jami 35,5 mlrd. so‘mlik, jumladan, futbol mahorat maktabini rekonstruksiya qilish, “So‘g‘diyona” professional futbol klubi qoshidagi futbol akademiyasini tashkil etish, Jizzax olimpiya zaxiralari kollejini rekonstruksiya qilish, mahalliy byudjet hisobidan 30 ta yurish-yugurish yo‘lakchalari, 13 ta mini-futbol, 18 ta veloyo‘lak, 22 ta badminton, 26 ta stritbol, 35 ta Workout maydonchalarini barpo etish hamda tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan sunʼiy qoplamali futbol maydonchalari, yopiq suzish havzasi, sport zal va sog‘lomlashtirish markazlari barpo etiladigan bo‘ldi.

Tadbir davomida viloyat hokimi Ergash Saliyev viloyatdagi 359 nafar sportchini televizor, uyali aloqa vositasi hamda tashakkurnoma bilan taqdirladi.

Tadbir so‘ngida, Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan sportchilar va trenerlar bilan alohida suhbatlashib, ular uchun yana-da ko‘proq sharoitlar yaratib berish borasida mutasaddilarga alohida vazifalarni belgilab berdi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *