
Mamlakatimizda karantin qoidalarining yumshatilishi munosabati bilan keng aholini sogʻlom hayotga qaytarish hamda ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida turli ommaviy sport tadbirlari muntazam tashkil etilib kelinmoqda.
Jumladan, Jizzax shahri markazidagi “Yoshlar shaharchasi”da viloyat Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tashabbusi bilan ertalabki nafas mashqlari hamda ommaviy badantarbiya mashgʻulotlari tashkil etildi.
Mazkur ommaviy sport tadbirida Jizzax shahridagi sport taʼlim muassasalarining rahbarlari, trenerlari, ishchi xodimlari, faxriy sportchilar, Nuroniylar jamgʻarmasi shahar boʻlimi nuroniylari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Ushbu jarayon Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Sport” telekanali ijodkorlari tomonidan tayyorlanayotgan “Islohotlar amalda” maxsus koʻrsatuviga tasvirga olindi.
Bundan xulosa qiladigan boʻlsak, Jizzaxda boshlangan ommaviy sport tadbirlari Respublika boʻylab keng quloch yoyadi.


Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati