Kutib oling, “Bosh vazir kubogi-2020” futbol musobaqalari boshlanmoqda

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2019-yil 4-sentyabrda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari hamda hududlardagi yirik korxona va tashkilotlarning markaziy apparati xodimlari oʻrtasida turli ommaviy madaniy va sport tadbirlari, jumladan “Bosh vazir kubogi” musobaqasini oʻtkazish vazifasi yuklatilgan edi.

Mazkur topshiriqning ijrosini taʼminlash maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan joriy yilning 4-12-oktyabr kunlari vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, yirik korxona va tashkilotlarning xodimlari oʻrtasida futbol musobaqalari tashkil etilmoqda.

Shu maqsadda “Bosh vazir kubogi” musobaqalarida qatnashish uchun mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan 150dan ortiq vazirlik, idora, xoʻjalik birlashmalari, yirik korxona va tashkilotlarga taklifnomalar yuborildi. Musobaqada ishtirok etish uchun talabnoma taqdim etishning soʻnggi muddati etib 10-sentyabr belgilangan.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili ilk marotaba tashkil etilgan musobaqalarda 64ta jamoa ishtirok etgandi. Bir haftadan oshiqroq davom etgan qizgʻin va murosasiz bahslarda bosh sovrinni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi jamoasi qoʻlga kiritgan edi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *