“Mahallada futbol”: Fargʻona viloyati bosqichida qoʻqonliklarning qoʻli baland keldi

Xabaringiz bor, joriy yilning 7-sentyabridan eʼtiboran butun Respublikamiz boʻylab “Mahallada futbol”, “Futbolimiz kelajagi”, “Charm toʻp”, “Rahbar kubogi” hamda “Hokim kubogi” futbol musobaqalarining hududiy final bosqichlariga start berilgan edi.

Bugun Fargʻona viloyatida “Mahallada futbol” musobaqasi oʻtkazildi. Dastlab musobaqaning rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi va unda viloyat bosqichida ishtirok etuvchi jamoalar tanishtirildi. Shundan soʻng musobaqaga start berildi.

Musobaqada 13 va 14 yoshli mahalla bolalari gʻoliblik uchun kurash olib bordi. Har bir yosh toifasiga koʻra 16 tadan jamoa final bosqichiga yetib kelgan edi.

13 yoshli bolalar oʻrtasida oʻtkazilgan bahslarda “Oltiariq” va “M.Hasanov” mahallalari bolalari yarim finalda oʻz ishtirokini yakunlab 3-oʻrinni qoʻlga kiritishdi. Final bahsida “Temiryoʻlchi” va “Hamrak” mahallari jamoalari oʻzaro kuch sinashdi. Tomoshabop oʻtgan oʻyin yakunida gʻoliblik Qoʻqon shahrining “Temiryoʻlchi” mahallasi jamoasiga nasib etdi.

14 yoshlilar oʻrtasida kechgan uchrashuvlar ham murosasiz ruhda boʻlib oʻtdi. Bu yosh toifasida ham gʻoliblikni Qoʻqon shahri mahallasi – bu gal “Mustaqillik” mahallasi bolalari qoʻlga kiritishdi. “Oltiariq” mahallasi bolalari 2-oʻrinni, “Qorajiyda” va “M.Hasanov” mahallalari yosh futbolchilari 3 oʻrinni egallashdi.

Yakunda gʻolib va sovrindorlar musobaqa tashkilotchilari tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *