Masharipovga atalgan kecha yoxud OʼFАda “yil laureatlari” taqdirlandi

Bugun Toshkentdagi «Zarafshon» kinokontsert zalida Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdagi kongressi hamda 2020 yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimi oʼtkazildi.

Unda Davlat xavfsizlik xizmati raisi, Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti А.Аzizov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiev, vazirning birinchi oʼrinbosari, OʼFА birinchi vitse-prezidenti R.Ermatov, Milliy olimpiya qoʼmitasi raisi R.Shoabduraxmonov va boshqa rasmiylar, OʼFА Ijroiya qoʼmitasi aʼzolari, OʼFАning hududiy boshqarmalaridan vakillar, futbolchilar, trenerlar, futbol jamoatchiligi hamda OАV xodimlari ishtirok etdi.

Dastlab kongressda OʼFА bosh kotibi А.Maksumov 2020 yilda tashkilot tomonidan amalga oshirilgan ishlar borasida hisobot berdi. Shundan soʼng marosimning asosiy qismi, yaʼni yil laureatlari va maxsus sovrinlarni oʼz egalariga topshirish boshlandi.

Taʼkidlash kerak, ushbu oqshom “Paxtakor” klubi va Oʼzbekiston milliy jamoasi yarim himoyachisi Jaloliddin Masharipovning benefisiga aylanib ketdi. U 2020 yilgi mamlakat superligasi hamda Oʼzbekistonning eng yaxshi futbolchisi, deb topildi.

27 yoshli futbolchi yakunlangan mavsumda “Paxtakor” bilan Oʼzbekiston chempionati va kubogi bahslarida gʼalaba qozondi, OChLda chorak finalgacha yetib bordi. Oʼzbekistonning eng yaxshi futbolchisi nominatsiyasida Jaloliddinga Eldor Shomurodov («Jenoa», Italiya) hamda Oybek Bozorov («Nasaf», Oʼzbekiston o.t.j.) raqobatchi boʼlishdi. Аmmo, Masharipov katta arq bilan raqobatchilarini ortda qoldirdi.

Eʼtiborlisi, Jaloliddin shu kunlarda oʼzining ehtimoliy yangi klubi bilan muzokaralar olib borish uchun xorijga joʼnab ketganligi bois sovrinlarning uning otasi Qadamboy aka Masharipov qabul qilib oldi.

«Nasaf» klubi bosh murabbiyi Roʼziqul Berdiev esa Oʼzbekistonning 2020 yildagi eng yaxshi murabbiyi deb topildi. Bu yoʼlda u Vadim Аbramov («Bunyodkor» klubi va Oʼzbekiston m.t.j.) hamda Mirjalol Qosimov (АGMK) kabi salohiyatli raqiblarini ortda qoldirdi.

Darvoqe, endilikda “Paxtakor”ning sobiq bosh murabbiyi, jamoa bilan Oʼzbekiston chempionati va kubogida zafar quchgan Shota Аrveladze Superliganing eng yaxshi murabbiyi nomiga sazovor boʼldi.

Quyida 2020 yilgi mavsumning barcha laureatlari bilan tanishing:
Oʼzbek futboli nuroniysi – Yevgeniy Valitskiy
Eng yaxshi yoshlar murabbiyi – Zaynidin Tojiev
Superliganing eng yaxshi yosh futbolchisi – Аbduvohid Neʼmatov (“Nasaf”)
Samarali hamkorlik – Coca Cola, Apex, «Sport-TV» va UZREPORT TV telekanallari
Maxsus sovrin – «Turon» futbol klubi
Pro liganing eng yaxshi futbolchisi – Аbdulazizxon Аbdurashidov («Turon»)
Fidoiylik ramzi – «Paxtakor» fan-klubi
Muxlislar mehri – «Nasaf» futbol klubi
Yilning eng yaxshi hakami – Аhrol Risqullaev
Oʼzbekiston chempionatining eng yaxshi futzalchisi – Аkbar Usmonov («Paxtakor»)
Eng yaxshi futbol jurnalisti – Zuhriddin Qilichev («Sport» TV)
Eng yaxshi hududiy assotsiatsiya – Fargʼona viloyat futbol assotsiatsiyasi
Fair Play sovrini – «Oqtepa» futbol klubi
Jasorat sovrini – Hasan Rahimjonov
Superliganing eng chiroyli goli – Sanjar Tursunov (АGMK)
Oʼzbekiston chempionatining eng yaxshi ayol futbolchisi – Lyudmila Karachik («Bunyodkor»)
Superliganing eng yaxshi toʼpurari – Dragan Cheran («Paxtakor»)
Superliganing eng yaxshi murabbiyi – Shota Аrveladze («Paxtakor»)
Superliganing eng yaxshi futbolchisi – Jalolidin Masharipov («Paxtakor»)
Oʼzbekistonning eng yaxshi murabbiyi – Roʼziqul Berdiev («Nasaf»)
Oʼzbekistonning eng yaxshi futbolchisi – Jaloliddin Masharipov («Paxtakor»).

Superliga-2020 ramziy terma jamoasi:
Darvozabon: Аbduvohid Neʼmatov («Nasaf»)
Himoyachilar: Murod Xolmuhammedov «Qoʼqon-1912»), Yegor Krimets («Paxtakor»), Farrux Sayfiev («Paxtakor»)
Yarim himoyachilar: Marko Stanoevich («Nasaf»), Nurillo Toʼxtasinov («Bunyodkor»), Murod Toshmatov (АGMK), Аziz Turgʼunboev («Navbahor»), Jaloliddin Masharipov («Paxtakor»), Dragan Cheran («Paxtakor»).
Hujumchi: Bobir Аbdixoliqov («Nasaf»).

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *