Mirobodda sportsevar oilalar oʻzaro musobaqalashdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga bir qator manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda aholi, xususan oilalar orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish maqsadida “Otam, onam va men – sportchilar oilasi!” sport musobaqalarini tashkil etish vazifasi ham yuklatilgan.

Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida kecha Mirobod tuman xokimligi, tuman jismoniy tarbiya va sport boʻlimi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi bilan hamkorlikda Mirobod tumani 1-sonli bolalar-oʻsmirlar sport maktabida “Otam, onam va men – sportchilar oilasi” shiori ostida sport musobaqalarini tashkil qildi. Unda tumandagi “Chinor”, “Yuksalish”, “Yangi Qoʻyliq” hamda «Ziyonur» mahallalarida istiqomat qiluvchi sportsevar oilalar oʻzaro musobaqalashdi.

Qizgʻin, murosasiz va eng muhimi, doʻstona ruhda tashkil etilgan musobaqalar yakuniga koʻra 1-oʻrinni «Ziyonur» mahallasi nomidan qatnashgan Kamolovlar oilasi qoʻlga kiritgan boʻlsa, 2-oʻrin “Yuksalish” mahallasida yashovchi Umarovlar oilasiga nasib etdi. 3-oʻrinni esa “Chinor” mahallasidan Akbarovlar oilasi egalladi.


Tadbir yakunida gʻolib va sovrindorlar, shuningdek sport musobaqasi ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *