Murod Xontoʻrayev jizzaxlik yoshlarga MMA saboqlarini oʻrgatdi

Mamlakatimizda soʻngi yillarda rasman roʻyxatdan oʻtgan va rivojlanib borayotgan sport turlaridan biri aralash jang sanʼati, yoki, boshqacha qilib aytganda MMA yurtimizda jadal rivojlanib bormoqda.

Oʻzbekiston aralash jang sanʼati assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Murod Xontoʻrayev Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi. MMA yulduzi bu yerda aralash jang sanʼati boʻyicha yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Jizzaxlik yosh iqtidor egalari bilan suhbat asnosida kechgan uchrashuv chogʻida sportchilarni qiziqtirgan barcha savollarga javob qaytardi. Ayniqsa, Murod Xontoʻrayevning sportga kirib kelishi, erishgan natijalari yigʻilganlarni befarq qoldirmadi.

Tadbir doirasida endigina aralash jang sanʼatiga kirib kelayotgan yoshlar uchun mahorat sabogʻining tashkil etilishi ayni muddao boʻldi.

Shuningdek, jizzaxlik sportchi yoshlar yangi yil bayrami arafasida Murod Xontoʻrayevdan oʻziga xos sovgʻalarni qabul qilib olishdi. Quvonarlisi, bunday sovgʻalardan Jizzax shahridagi 29-mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ham bebahra qolishmadi.

Bir soʻz bilan aytganda, sport yulduzi Murod Xontoʻrayev Jizzax viloyatiga tashrifi haqida fikr bildirar ekan, yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar ertaga albatta oʻz samarasini berishiga ishonchi komil ekanligini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Biz ham yaqin kelajakda yurtimizda, xususan, Jizzax viloyatida Murod Xontoʻrayevning yangi-yangi izdoshlari yetishib chiqishiga ishonamiz.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *