Namangan futbol boʻyicha viloyatlar terma jamoalari oʻrtasida Oʻzbekiston kubogiga mezbonlik qiladi

Ertaga Namanganda Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining 2020-yil uchun Respublika kalendar rejasiga muvofiq, futbol boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar terma jamoalari oʻrtasida Oʻzbekiston kubogi musobaqasi boʻlib oʻtadi.

Jumladan, 2007 va 2008-yillarda tugʻilgan oʻsmirlar oʻrtasidagi musobaqalarga aynan Namangan viloyati mezbonlik qiladi. Musobaqa Nizomiga koʻra, 20-25-oktyabr kunlari 2008-yilda, 26-31-oktyabrda esa 2007-yilda tugʻilgan futbolchilar gʻoliblik uchun bahs yuritadi.

Bugun 2008-yilda tugʻilgan futbolchilardan iborat terma jamoalar Namangan shahriga yetib kelishadi. Bevosita musobaqani oʻtkazishga Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan masʼul etib tayinlangan xodimlar allaqachon Namangan shahriga yetib kelishdi.

OʻFA vakillari kunning birinchi yarmida Namangan viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Shuhrat Mirxoldirshayev hamrohligida Oʻzbekiston kubogi bahslariga mezbonlik qiladigan Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi «Odil Junior» akademiyasi stadionini koʻzdan kechirib, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Shundan soʻng ishchi guruh Namangan shahridagi 17-sonli “Navbahor-Umid” akademiyaga ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar futbol maktabida boʻldi. OʻFA va NFA vakillari futbol maktabida “S” litsenziyasi uchun oʻtkazilayotgan kurs qatnashchilari bilan ham uchrashib, ular bilan suhbat uyushtirishdi. Shuningdek, futbol maktabidagi maydonlar ham koʻzdan kechirilib, futbol maktabi rahbariyati va murabbiylarga tegishli koʻrsatmalar berildi.

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi vakillari Namangan viloyat futbol assotsiatsiyasiga ajratilgan bino va xonalar bilan ham tanishdi. Mehmonlar assotsiatsiyada samarali tarzda ishlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganligini eʼtirof etishdi.

Soʻngra Oʻzbekiston kubogi musobaqasining tashkiliy guruhi va uchrashuvlarni boshqarish uchun jalb etilgan hakamlar ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi. Yigʻilishda OʻFA vakillari uchrashuvlarni yuqori saviyada oʻtkazish borasida hakamlarga tushuncha berib oʻtdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *