“Oʻzbegim otlari” ot zavodi otchoparida poyga musobaqalari oʻtkazildi

Bugun Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanida joylashgan “Oʻzbegim otlari” ot zavodiga qarashli otchoparda Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligi bagʻishlab ot poygasi boʻyicha Toshkent viloyati hokimi kubogi uchun musobaqa oʻtkazildi.

Musobaqada Toshkent viloyatining barcha hududlaridan sportchilar hamda qoʻshni Turkmanistondan Oʻzbekistonga tashrif buyurib ayni paytda hamyurtlarimiz bilan birgalikda oʻquv-yigʻin mashgʻulotlarida ishtirok etayotgan turkmanistonlik sportchilar ham ishtirok etishdi. Bu esa musobaqaning yana-da qiziqarli va murosasiz oʻtishiga turtki boʻldi.

Ot poygasi ishtirokchi otlarning yoshi va ular musobaqalashadigan poyga masofasiga koʻra 8 yoʻnalishda tashkil etildi.

Eʼtiborlisi, musobaqaning dastlabki yoʻnalishlarida “Oʻzbegim otlari” ot zavodida tarbiyalanayotgan 1 yarim va 2 yoshli toza qonli ingliz otlari ilk bor musobaqada sinovdan oʻtkazildi. Otlarning debyuti xalqaro toifadagi sportchi chavandozlar va mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.

“Guvohi boʻlganingizdek, bugungi musobaqa chavandozlar va otlarning murosasiz bellashuvlari ostida kechdi. Bu kabi turnirlar orqali xalqaro nufuzli musobaqalar uchun yetakchi chavandozlar va chopqir otlarni saralab olamiz. Qolaversa, ichki musobaqalarga yon qoʻshni davlatlardan chavandozlarni taklif etganmiz. Ular bilan birgalikda oʻquv-yigʻin mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda. Bu esa sportchilarimizning ulkan tajriba toʻplashlarida yordam bermoqda. Umid qilamanki, bularning barchasi tez kunlarda jahon otchoparlarida oʻzbek chavandozlarining nomini hamma tanib olishlari uchun xizmat qiladi”, deb aytib oʻtdi Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisining oʻrinbosari – Bosh kotibi Kamol Xudoyberdiyev.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *