“Oʻzbegim otlari” ot zavodiga media-tur tashkil etildi

Oxirgi yillarda mamlakatimizda yilqichilik va ot sportini rivojlantirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilgan holda bu sport turini ommalashtirish, mamlakat chavandozlarining xalqaro maydonlarda munosib ishtirok etishini taʼminlash hamda ularga zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining 2017-yil 15-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori muhim dasturilamal boʻlmoqda.

Jumladan, Toshkent viloyatining Oʻrta Chirchiq tumanida 140 gektardan ortiq maydonda tashkil etilgan “Oʻzbegim otlari” ot zavodida yilqichilik va ot sportini rivojlantirish, uning moddiy-texnik va ozuqa bazasini mustahkamlash, mazkur soha uchun mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribalarini oʻrganish orqali nasldor, sport va xizmat otlarini koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Kecha, 6-sentyabr kuni Oʻzbekistondagi oʻndan ortiq ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun ushbu zamonaviy ot zavodiga media-tur tashkil etildi. Media-tur davomida Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng naʼmunali bazalardan biri boʻlgan bu ot zavodining afzalliklari borasida jurnalistlarga toʻliq maʼlumot berib oʻtildi.

“Oʻzbegim otlari” ot zavodi 1992-yil tashkil etilgan boʻlib, zavod qadimiy ot zotlari, jumladan, Axaltaka tulporlarini koʻpaytirish va parvarishlashga ixtisoslashtirilgan. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Axaltaka zotli otlar bundan besh ming yil muqaddam paydo boʻlgan. U Osiyo xalqlarining yozma manbalarida samo tulporlari, argʻumoq, uchqur aygʻirlar, deya taʼriflangan. Toshbitiklar, qoyalarda saqlanib qolgan suratlarning guvohlik berishicha, Axaltaka argʻumoqlari qadimda hozirgi Fargʻona vodiysi, Xorazm viloyati hududlarida uchragan. Ayni paytda mazkur turning katta qismi Turkmaniston hissasiga toʻgʻri keladi.

Bugungi kunda bu yerda Axaltaka zotidan tashqari, toza qonli ingliz zotli otlari parvarishlanmoqda. Zavoddagi otlar soni bugungi kunda 560 tani tashkil etadi.

Media tur davomida jurnalistlarga ot zavodi hududida zotdor otlarni koʻpaytirish, sohada naslchilik ishlarini yaxshilashga qaratilgan istiqbolli loyihalar boʻyicha ham batafsil maʼlumot berildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *