Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi xodimlari sportchi-oʻquvchilar bilan uchrashdi

Bugun poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 243-sonli umumtaʼlim maktabida sportchi-oʻquvchilar bilan uchrashuv tashkil etildi. 

Tadbir Xalq taʼlimi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari, Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi hamkorligida tashkil etildi. Unda dzyudo boʻyicha terma jamoa bosh murabbiyi Ilias Iliadis, xalqaro toifadagi hakam Ramziddin Saidov, murabbiylar hamda taniqli dzyudochilar ishtirok etdi. Bu haqda Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati xabar qildi.

“Sport mamlakatni dunyoga yana-da tanitishda eng muhim vositalardan biri hisoblanadi. Sportchi sabab Olimpiada va jahon chempionatlari, xalqaro musobaqalarda mamlakat madhiyasi yangraydi, bayroq baland koʻtariladi. Bugun sizlar bilan uchrashish uchun bu yerga kelgan akalaringiz, yaʼni dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari ham koʻp yillardan beri oʻz natijalari bilan yurtimiz dovrugʻini dunyoga yana-da yoyishmoqda. Bejizga mamlakatimizda sportga hukumat darajasida eʼtibor qaratilmaydi. Mana kuni kecha poytaxtimizdagi muhtasham «Humo Arena” saroyida hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yoshlar Forumi”da ishtirok etdilar. Tadbirda qatnashgan yoshlarning aksariyatini sportchilar tashkil etishdi. Hurmatli yurtboshimiz kechagi uchrashuvda yana bir bora yoshlarga katta ishonch bildirayotganlari, Oʻzbekistonning kelajagi aynan ularning qoʻlida ekanini alohida taʼkidladilar. Fursatdan foydalanib, siz oʻquvchilarga omad, oʻzingiz tanlagan sohada ulkan yutuqlarga erishishingizni tilayman», – dedi MOQ raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov. 

Taʼkidlash joiz, 243-sonli umumtaʼlim maktabi nafaqat poytaxtimiz, balki respublikamizdagi isteʼdod va iqtidorlar jam boʻlgan ilm maskanlaridan biri hisoblanadi. Maktabda dzyudo, karate, taekvondo, boks singari olimpiya oilasiga mansub sport turlaridan mamlakat hamda xalqaro musobaqalarda gʻolib va sovrindor boʻlgan oʻquvchilar tahsil olishgan va olishmoqda. 

Doʻstona, samimiy va qiziqarli ruhda oʻtgan uchrashuvda Diyorbek Oʻrazboyev, Hikmatulloh Toʻrayev, Muhammadkarim Hurramov, Bekmurod Oltiboyev, Kamoliddin Rasulov, Shoxruh Baxtiyorov, Muzaffar Toʻraboyev oʻquvchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarishdi. Ilias Iliadis, Kamol Murodov va Ramziddin Saidov oʻzlarining koʻp yillik tajribalaridan kelib chiqib yoshlarga faoliyatlarida as qotadigan tavsiyalar berishdi. 

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *